Fan-texnika | 00:02 / 05.05.2016
8928
3 daqiqa o‘qiladi

Reuters: xakerlar Mail.Ru va Google’ning millionlab qayd qilish yozuvlarini qo‘lga kiritishdi

"Rossiya jinoyat dunyosi" xakerlari 272 mln ta qayd qilish yozuvlarining parollari va loginlarini o‘g‘rilashdi, deb ma'lum qildi kompyuter xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis Aleks Xolden. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma'lum qildi

Mutaxassis fikricha, katta ko‘lamdagi hujum oqibatida ko‘proq Mail.Ru ziyon ko‘rdi. Bundan tashqari, Google, Yahoo, Microsoft’ning qayd qilish yozuvlari akkauntlari ham buzilgan.

Kiberxavfsizlik bilan shug‘ullanuvchi Hold Security kompaniyasi forumlardan birida o‘g‘rilangan qayd qilish yozuvlari bilan maqtangan rossiyalik xakerni aniqlagan. Noma'lum xaker 1,17 mlrd akkauntni qo‘lga kiritganini ta'kidlagan. 

Kompaniya mutaxassislari takror yozuvlarni bartaraf etishdi va ma'lumotlar massivi asosan Mail.Ru qayd qilish yozuvlaridan (27 mln) iborat bo‘lganini aniqlashdi. 

Xaker bu ma'lumotlar uchun bor-yo‘g‘i 50 rubl so‘ragan. Shundan keyin Hold Security xodimlari xaker bilan maktub yozishni to‘xtatishgan, chunki kompaniya siyosati o‘g‘rilangan shaxsiy ma'lumotlar uchun haq to‘lashni ko‘zda tutmaydi.

Mail.Ru’da ayni vaqtda barcha login/parol juftliklari faollikka tekshirilayotgani ma'lum qilindi. Microsoft’ning ta'kidlashicha, u shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilishning qo‘shimcha bosqichiga ega va shuning uchun login/parol haqidagi ma'lumot elektron pochtani ochishda yetarli bo‘lmaydi. 

Yahoo va Google bu holatga hech qanday izoh bermadi.

"Birinchi taxminiy tanlov bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot ma'lumotlar bazasi faol tirik akkauntlarga mos keladigan parollarga ega emasligini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, yana bir narsa o‘ziga jalb qiladi: ma'lumotlar bazasi turli parollarga ega ko‘plab aynan bir xil loginlardan iborat. Bu esa bu baza foydalanuvchilar login sifatida elektron maktub manzilini ishlatgan turli bazalar qismlaridan tuzilganidan darak beradi", deb ta'kidlab o‘tildi Mail.Ru’da.

Bundan tashqari, kompaniya to‘liq tekshiruvdan keyin ziyon ko‘rgan foydalanuvchilarni ogoh etmoqchi.

Mavzuga oid