Jahon | 23:09 / 06.05.2016
16747
2 daqiqa o‘qiladi

Islom diniga e'tiqod qiluvchi siyosatchi Sodiq Xon London shahriga mer etib saylandi

London merligi uchun saylov natijalari ma'lum bo‘ldi. Unda leyboristlar vakili Sodiq Xon g‘olib chiqdi. U London shahri hokimligiga saylangan tarixdagi ilk musulmon siyosatchiga aylandi.

Etnik kelib chiqishi pokistonlik bo‘lgan Sodiq Xon, ayni vaqtda 46 yoshda. U o‘tgan asrning 60-yillarida Britaniyaga muhojir sifatida kelgan pokistonlik oilaning 8 farzandi orasidagi beshinchisi hisoblanadi. U Londonning janubidagi qashshoq tumanda avtobus haydovchisi oilasida kichkina xonadonda voyaga yetgan. U maktabdan keyin va ta'til vaqtlarida qurilishda ishlagan. 

Sodiq Xon – yurist, inson huquqlari kurashchisi. 2008 yildan 2009 yilgacha u mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish masalalari bo‘yicha vazir bo‘lib ishlagan, keyinroq, 2009 yildan 2010 yilgacha Buyuk Britaniya transport vaziri lavozimini egallashgan.

2013 va 2015 yillarda Xon Buyuk Britaniyadagi musulmonlar orasida "yil siyosatchisi" deya e'tirof etilgan. 

Uning saylovoldi dasturidagi asosiy jihatlar aholi uchun turar joy binolari qurish, ijtimoiy sohada islohotlar o‘tkazish, transport sohasidagi narxlarning oshishini cheklash, shuningdek Hitrou aeroportining kengaytirilishini to‘xtatish edi.

Uning rafiqasi Saadiya Ahmad ham yurist, ular ikki qizni tarbiyalashgan.

Xonning saylovdagi asosiy raqibi konservatorlar vakili Zak Goldsmit bo‘lib, u saylovning dastlabki natijalariga ko‘ra (98,7 foiz ovoz hisoblanganda), 44 foiz to‘plagan Xondan 9 foizga kamroq ovoz olgandi. Goldsmit hozirgi mer Boris Jonsonning tarafdori hisoblanadi. Jonson 2008 yilning mayidan buyon shahar meri sifatida faoliyat ko‘rsatdi.

Mavzuga oid