O‘zbekistonda 5 maydan fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovi boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qaroriga muvofiq fuqarolar yig‘inlari raislari va ular maslahatchilarining navbatdagi saylovini o‘tkazish muddati 2016 yilning may-iyun oylari etib belgilangan. Bo‘lajak saylovda 9 ming 764 fuqarolar yig‘ini raisi va ularning 99 mingdan ziyod maslahatchisi saylanadi.
Saylov jarayonida fuqarolar o‘zlari tanlagan, munosib nomzodga ovoz beradi.
– Fuqarolar yig‘ini raisi va uning maslahatchilarini saylash ochiq yoki yashirin ovoz berish orqali amalga oshiriladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyasi ishchi guruhi rahbari Tolibjon Madumarov. – Ovoz berish shakli fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi)da aniqlanadi. Bunda raislik qiluvchi saylov majlisida bu masalani ovozga qo‘yadi va fuqarolar yig‘inining ko‘pchilik ovozi bilan qaror qabul qilinadi.
Yig‘ilishga raislik qiluvchi ko‘rsatilayotgan har bir nomzodni tanishtirib o‘tadi. Nomzodlar ham o‘zining dasturi va istiqboldagi rejalarini bayon etadi.
Ochiq ovoz berish har bir nomzod bo‘yicha ishchi guruhiga kelib tushgan takliflar tartibiga qarab o‘tkaziladi. Fuqarolar yig‘inida hozir bo‘lgan fuqarolarning yarmidan ko‘proq ovozini olgan nomzod g‘alaba qozongan sanaladi. Sanoq komissiyasi ovozlar sonini hisoblab, fuqarolar yig‘ini qarorini eshittiradi.
Yashirin ovoz berishda fuqarolarning o‘zi xohlagan nomzodga hech kimning nazoratisiz ovoz berishi ta'minlanadi. Ovoz berish byulletenlari fuqarolar yig‘inlariga sanoq komissiyasi tomonidan ovoz berishdan oldin tarqatiladi. Byulletenlar Oliy Majlis Senati tomonidan belgilangan namunada va shaklda tayyorlangan.
Saylovning birinchi kuni mamlakatimizning bir qator mahallalarida fuqarolar yig‘ini raisi va uning maslahatchilari saylandi. Xususan, poytaxtimizning Yashnobod tumani “Behizor” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan saylovda mahalla aholisi nomidan 40 nafar vakil ishtirok etdi. Fuqarolar yig‘ini raisligiga 3, maslahatchi lavozimiga 30 nomzod ko‘rsatilgan. Saylovchilar ularning faoliyat dasturi bilan tanishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Ochiq ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilgan saylovda fuqarolar yig‘ini raisi va uning 15 nafar maslahatchisi saylandi.
Saylov shu yil iyun oyining oxirigacha barcha fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib o‘tadi.
Norgul Abduraimova, O‘zA
Mavzuga oid
15:47 / 18.10.2021
MSK 3 kun davomida qancha saylovchi muddatdan avval ovoz berganini ma'lum qildi
12:39 / 18.10.2021
O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlarning ishonchli vakillari o‘rtasida teledebat o‘tkaziladi
11:31 / 18.10.2021
Tanzila Norboyeva xotin-qiz saylovchilar sonini ma'lum qildi
18:42 / 16.10.2021