Fan-texnika | 19:47 / 07.05.2016
27770
5 daqiqa o‘qiladi

Sony kompaniyasi haqida 10 hikoya

70 yil avval, 1946 yilda Tokio shahrida Tokyo Telecommunications Engineering Corporation (Totsuko) ta'sis etilgan. Hozirda u Sony Corporation deya nomlanib, eng yetakchi maishiy va professional elektronika ishlab chiqaruvchisi hamda yirik mediaxolding hisoblanadi. Uning tarkibiga Columbia Pictures va TriStars Pictures kinostudiyalarini o‘z ichiga olgan Sony Pictures Entertainment, Sony Music Entertainment ovoz yozish kompaniyasi va boshqalar kiradi.

Biznes nimadan boshlangan

Korporatsiyaga fizik Akio Morita va muhandis Masaru Ibuka tomonidan "Tokio tsusin koge" (Tokio telekommunikatsion muhandislik korporatsiyasi) nomi ostida asos solingan. Boshlang‘ich kapital 500 dollar atrofida bo‘lgan, shtatda 20 nafar xodim faoliyat yuritgan. 1994 yilga qadar kompaniyaga Akio Morita rahbarlik qilgan.

"Guruchli" start

Elektronika bozoriga qo‘yilgan birinchi qadam - elektron guruch pishirgichning yaratilishi bo‘lgan. Loyiha uncha muvaffaqiyat qozonmadi - guruch bir oxirgacha pishmay, bir haddan ziyod pishib ketib, ishonchni oqlamadi va bu iste'molchilarning noroziligiga sabab bo‘ldi.

Daromad keltiruvchi mahsulot

1946 yilda kompaniya isituvchi elektr yostiqlar ishlab chiqardi, bu ikki do‘stga barqaror daromad olib keldi. Ikkinchi mashhur mahsulot elektr grelkasi bo‘lib, u kompaniya tomonidan seriyali ishlab chiqildi.

Muvaffaqiyat garovi

Korxona muvaffaqiyatining garovi tranzistorga patent qo‘lga kiritganligidadir, bu kompakt maishiy elektronika ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkonini berdi. 1955 yilda Sony Yaponiyada birinchi TR-55 tranzistor radiosi, 1961 yilda esa dunyoda birinchi tranzistor televizorini ishlab chiqardi.

Sony nomi qanday kelib chiqqan

Sony brendi (lotincha "sonus" - tovush va "sonny boy " - kichik daholar) 1950 yilda paydo bo‘lgan. Kompaniyaning yaponcha - Totsuko nomi amerikaliklar uchun talaffuz qilishga qiyin bo‘lgan va shu bois kompaniya uni o‘zgartirishga qaror qilgan.

Birinchi videomagnitofon

1963 yilning iyunida BBC telestudiyasida Sony tomonidan ishlab chiqarilgan birinchi - U-Matic nomli videomagnitofon namoyish qilingan. Mahsulot 1969 yilda keng ommaga taqdim etilgan. 1972 yildan kompaniya Betamax standartini yo‘lga qo‘ygan.

Walkman pleyeri

1979 yilning iyulida Sony Yaponiyada o‘zining Walkman nomli, xorijda "Soundabout" deb nomlangan birinchi musiqiy pleyerini ishlab chiqardi. Qurilma musiqa olamida juda katta muvaffaqiyatga ega bo‘ldi. U odamlarga xohlagan joylarida, atrofdagilarga xalaqit bermay musiqa tinglash imkonini berdi.

"Dengiz to‘ng‘izi" haqida

Kompaniyaning ramzi xodimlarning biri tomonidan sovg‘a qilingan dengiz to‘ng‘izi bo‘ldi. Sony tranzistorlar uchun "dengiz to‘ng‘izi" deb nomlangan maqola chiqqanidan so‘ng uning haykalchasi paydo bo‘lgan. Ushbu tavsif kompaniya uchun ishora sifatida xizmat qilgan va keyinchalik u iroda kuchi va yangiliklarga o‘chlikni aks ettirgan.

"Chorokko" nima

"Chorokko" (vinil chavandoz) - vinil plastinkalarda harakatlanuvchi kichik o‘yinchoq mikroavtobus. Qurilma Sony xodimlarini yangi ixtirolarga ruhlantirib turish maqsadida yaratilgan va ochiq bozorga chiqmagan.

Sony bugun

Korporatsiya "Sony group" xoldingi tarkibiga kiradi hamda uni boshqarish bilan shug‘ullanadi. U maishiy va professional elektronika, shu jumladan audio, video va televizion texnika, mobil telefonlar, yarimo‘tkazgichlar va komponentlar, tibbiy uskunalar ishlab chiqaradi.

Murakkab davrlar

2000 yillar oxirida dunyo elektronika bozoridagi raqobatning kuchayishi korporatsiya daromadlarining tushib ketishiga olib keldi: 2007-2014 yillar mobaynida Sony olti marta yillik kamomadni qayd etgan. Moliyaviy ahvolini yaxshilash maqsadida kompaniya Nyu-Yorkdagi Medison-avenyuda joylashgan idorasi binosini 1,1 milliard dollarga sotishga, bir necha ishlab chiqarish filiallarini yopishga hamda butun dunyo bo‘ylab 10 ming xodimini qisqartirishga majbur bo‘lgan.

Sony korporatsiyasining sof daromadi 2015 moliyaviy yil yakunlariga ko‘ra (2016 yilning 31 martida nihoyasiga yetdi), 147,8 milliard iyenni (1,3 milliard dollar) tashkil qildi. 2015 yilda 12,2 million televizor, 24,9 million smartfon va 17,7 million o‘yin qurilmalari ishlab chiqarildi. Hozirda kompaniya xodimlarning soni 130 ming nafarni tashkil qiladi.