Jahon | 11:27 / 11.05.2016
3916
2 daqiqa o‘qiladi

Apple'dan iMessage texnologiyasi o‘g‘riligi uchun 2,8 milliard dollar talab qilishdi

IP-telefonlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan VoIP-Pal kompaniyasi Las-Vegasdagi AQSh okrug sudiga Apple ustidan 2,8 milliard dollar talabi bilan da'vo qildi. Bu haqida MacRumors xabar bergan. 

Belvyuda (Vashington shtati) joylashgan VoIP-Pal vakillari Apple kompaniyaning qator patentlarini noqonuniy qo‘llaganini bildirishmoqda - xususan, abonent iMessage servisining foydalanuvchisimi yoki yo‘qligini aniqlovchi tizim asosida yotuvchi algoritm.

Da'vo arizasida keltirilgan 2 836 710 031 dollar miqdoridagi mablag‘ oshkor etilmagan muddatda Apple daromadidan 1,25 foizli ulushi hisobidan kelib chiqib belgilandi.  

Ma'lum qilishlaricha, da'vo arizasi 2016 yilning 9 fevralida tayyor bo‘lgan, biroq VoIP-Pal vakillari Apple bilan qonun doirasidan tashqarida muzokaralar olib borayotganliklari tufayli ishning sudga uzatilishini orqaga surishayotgan edi. Da'vogar kompaniya "patent trolli" emasligini ta'kidlab, o‘zining patent portfelini sotib olish yoki litsenziyalashtirishni taklif qilmoqda. 

Shu bilan birga VoIP-Pal kompaniyasi AT&T va Verizon mobil aloqa operatorlariga qarshi shu ma'nodagi da'vo arizasi bilan chiqdi.

4 may kuni Apple Xitoyning Xintong Tiandi Technology kompaniyasiga qarshi sudda mag‘lub bo‘ldi. Bahs mavzusi osiyolik ishlab chiqaruvchilar tomonidan IPHONE brendining foydalanilgani bo‘lgan. Mobil telefonlar uchun charm g‘iloflar, sumkalar, portmone va yana bir necha shu turdagi mahsulotlar shunday nom bilan atalgan.