Jamiyat | 06:49 / 15.05.2016
13792
3 daqiqa o‘qiladi

"Yevrovideniye-2016" tanlovida Ukraina vakili g‘olib bo‘ldi

"Yevrovideniye-2016" xalqaro musiqiy tanlovida ukrainalik qo‘shiqchi Jamala o‘zining "1944" deb nomlangan qo‘shig‘i bilan g‘olib bo‘ldi. Rossiyadan ishtirok etgan qo‘shiqchi Sergey Lazarev "You Are the Only One" qo‘shig‘i bilan 3-o‘rinni egalladi va tomoshabinlar ovoz berishida g‘olib bo‘ldi.

2-o‘rinni avstraliyalik Demi egalladi, u "Sound of Silence" qo‘shig‘ini ijro etdi.

Joriy yilda tanlovda ovoz berish qoidasi sezilarli o‘zgardi. Tanlov ishtirokchilarini har bir davlatdan professional hakamlar va ishtirokchilar baholashdi. Avval jonli efirda professionallarning ovoz berishi e'lon qilindi, so‘ngra ularning ballariga tomoshabinlar bergan ballar qo‘shildi.

Lazarevga bor-yo‘g‘i 4 ta davlat: Ozarbayjon, Kipr, Belarus va gretsiyalik hakamlar maksimal 12 ball qo‘yishdi. Hakamlar ovoz berishi natijasiga ko‘ra Lazarev 5-o‘rinni egalladi, 1-o‘rinni Avstraliya vakili, 2-o‘rinni esa ukrainalik qo‘shiqchi egalladi. Teletomoshabinlar Lazarevga maksimal 361 ball qo‘yishdi.

Natijada birinchi besh o‘rin quyidagicha taqsimlandi:

Ukraina — 534 ball

Avstraliya — 511 ball

Rossiya — 491 ball

Bolgariya — 307 ball

Shvetsiya — 261 ball

Tanlov finalida Rossiya, Malta, Ozarbayjon, Armaniston, Avstriya, Kipr, Chexiya, Niderlandiya, Xorvatiya, Vengriya, Latviya, Gruziya, Bolgariya, Avstraliya, Ukraina, Serbiya, Polsha, Isroil, Litva, Belgiya, Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya, Germaniya, Fransiya vakillari ishtirok etishdi.

Jamalaning qo‘shig‘i Ikkinchi jahon urushi vaqtida qrim tatarlarning deportatsiya qilinishiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda siyosiy yashirin ma'no borligiga gumon qilinib, tanlov boshlanguniga qadar ko‘plab bahslarga sabab bo‘lgandi.

Jamalani Ukraina prezidenti Petr Poroshenkoning shaxsan o‘zi tabrikladi. "HA!!! Ajoyib ijro va g‘alaba!. Butun Ukraina seni chin dildan tabriklaydi, Jamala!", deb yozdi Poroshenko tvitterda. Birozdan keyin "Jamalani shaxsan tabrikladim. Bugun uning ovozi bilan butun ukrain xalqi gapirdi. Haqiqat, har doimgidek, g‘alaba qildi!", deb qo‘shimcha qilib qo‘ydi.

Jamala jaz, world music, ritm-n-blyuz, elektron musiqa va gospel yo‘nalishlarida mualliflik musiqasini ijro etadi. Jamalaga mashhurlikni Yurmaladagi "Novaya volna-2009" yosh qo‘shiqchilar tanlovi keltirgan. Qo‘shiqchi bu tanlovning bosh mukofotini qo‘lga kiritgandi.