Jamiyat | 15:47 / 15.05.2016
35904
4 daqiqa o‘qiladi

Xovan qabristonidagi mushtlashuv o‘rta osiyoliklarning kavkazliklar hujumidan himoyalanishi ko‘rinishida yuz bergan

Xovan qabristoni hududida kelib chiqqan tartibsizliklar oqibatlarini bartaraf etish maqsadida 300 nafarga yaqin politsiyachi safarbar etilgan hamda mushtlashuvda qatnashganlarning 111 nafari hibs qilingan. Bu haqda huquq-tartibot organlaridagi manbasiga asoslangan holda Interfaks xabar tarqatgan.

Manbaning so‘zlariga ko‘ra, Xovan qabristoni hududiga poytaxt politsiyachilaridan 252 nafari va shahar atrofi hududidan 40 nafar politsiyachi yuborilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, tartibbuzarlarni qo‘lga olish jarayonida havoga o‘q uzishga to‘g‘ri kelgan.

Voqea hududida Kalashnikov avtomati topilgan, turli kalibrdagi 51ta gilza yerdan terib olingan. Shuningdek, mushtlashuv ishtirokchilaridan pichoqlar, armatura bo‘laklari, boltalar, kastetlar hamda kaltaklar olib qo‘yilgan.

Ma'lum qilinishicha, tartibsizlik vaqtida qabriston xizmatchisi bo‘lgan 22 yoshli tojikistonlik Suxrob Xushakov o‘tochar quroldan olingan jarohat tufayli halok bo‘lgan. 42 yoshli erkak esa kaltaklanish tufayli vafot etgan. Bundan tashqari, yana bir noma'lum shaxs avtomobil urib ketishi tufayli jon bergan. Shuningdek, 26 kishi jarohatlangan, ularning yarmidan ortig‘i o‘qqa uchgan. Ayni vaqtda 14 kishi shifoxonada bo‘lib, ulardan biri, o‘qotar quroldan jarohat olgan 16 yoshli o‘smirning ahvoli og‘irligicha qolmoqda.

Bo‘lib o‘tgan hodisa tufayli Rossiya federatsiyasi Jinoyat kodeksining 115 ("Oldindan rejalashtirilgan holda ikki yoki undan ortiq kishining qotilligi"), 222 ("Noqonuniy ravishda qurol saqlash") va 213-moddasi ("Oldindan rejalashtirgan holda guruh bo‘lib bezorilik qilish") bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. 

14 may kuni Moskva shahridagi Xovan qabristonida ro‘y bergan ommaviy mushtlashuvda 200 kishi ishtirok etgan.

Manbalarda aytilishicha, dafn qilish marosimining o‘rta osiyolik bo‘lgan ishchilariga dog‘istonlik va chechenistonlik guruhlar hujum qilgan.

Qabriston ma'muriyatidagi manbaning so‘zlariga ko‘ra, katta qabristonga xizmat ko‘rsatish mo‘maygina daromad keltiradi, mojaro ham shu tufayli kelib chiqqan.

"Bir tomondan — o‘zini himoya qilayotganlar sifatida — mushtlashuvda Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etgan. Ular qabristonda ishlashadi. Xizmat ko‘rsatuvchi xodim sifatida. Ularga hujum qilganlar esa Dog‘iston va Checheniston fuqarolaridir. Dog‘istonliklar va chechenlar O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarini bu yerdan haydab chiqarib, ushbu hududni egallab olmoqchi bo‘lgan”, — deya manbaning so‘zlarini keltiradi Sputnik agentligi.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, rejalashtirilayotgan hujum haqida barcha oldindan xabardor bo‘lgan.

"Bu hujum oldindan rejalashtirilgan va bizga, qabriston ishchilariga nisbatan qaratilgan. Ular (hujum qilganlar) qabristonga har tomondan bostirib kela boshladilar va mijozlar ko‘z o‘ngida bizni do‘pposlay boshladilar, mashinalardan turib o‘qqa tutdilar.

Biz hujum rejalashtirilayotgani haqida xabar olganimizdan so‘ng, albatta, rahbariyatga murojaat qilgandik. Qabristonga posbonlar qo‘yildi. Hatto, bir necha kun davomida OMON bizni qo‘riqladi. Bugun, OMON jangchilari olib tashlanganidan bir necha soat o‘tib ular yugurib kela boshlashdi. Ular hammani, hatto ayollarni ham kaltaklashdi", — deb hikoya qiladi qabriston ishchilaridan biri.

TASS xabariga ko‘ra, mushtlashuvda ishtirok etgan Tojikiston fuqarolari bo‘lgan 40 chog‘li kishiga deportatsiya qilinish xavfi tahdid solmoqda.

Ayni vaqtda qabriston yopib qo‘yilgan. 

Mushtlashuv chiqqan Xovan qabristoni direktori o‘z lavozimidan bo‘shatildi