O‘zbekiston | 11:28 / 17.05.2016
32076
2 daqiqa o‘qiladi

Bahodir Hodiyev Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga rektor bo‘ldi

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga yangi rektor tayinlandi. Kun.uz saytining universitetdagi manbasi bergan xabarga ko‘ra, Bahodir Hodiyev yana universitet rahbarligiga qaytgan.

Bahodir Hodiyev 2014 yilning aprelidan boshlab fan, ta'lim va madaniyat masalalari bo‘yicha O‘zbekiston prezidenti davlat maslahatchisi sifatida ishlagan. U bu lavozimda 2013 yildan beri ishlab kelgan, 2015 yilning 10 aprelidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori etib tayinlangan Jahongir Ismoilov o‘rniga tayinlangandi.

Hodiyev 2015 yilning iyulidan Yoshlar siyosati, ta'lim, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha majmua rahbari hamda tegishli ravishda bosh vazir o‘rinbosari sifatida ish boshlagandi.

Endilikda u 2014 yilning aprelidan buyon universitetga rahbarlik qilib kelgan Boltaboyev Maxmudjon Rustamovichning o‘rnini egallagan.

Boltaboyev Maxmudjon 2014 yilning aprelida Alisher Vahobov Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektorligidan O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga, Bahodir Hodiyevning o‘rniga tayinlanganidan keyin uning o‘rnini egallagandi. 

Hodiyev 2010 yil martidan 2014 yilning apreligacha vazirlikka rahbarlik qilib kelgan – vazirlikdan avval Hodiyev ham TDIUda rektor sifatida ishlagan (2006-2010 yy).

Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti O‘zbekistonning iqtisodiyot sohasidagi mutaxassislarni yetishtiruvchi oliy ta'lim muassasasidir. Hozirda oliygohda taxminan 7,000 nafar talaba o‘qimoqda.

Universitet 6ta fakultet (Iqtisodiyot, Buxgalteriya hisoboti va audit, Iqtisodiyotda axborot tizimlari, Bank ishi, Xalqaro turizm, Menejment) hamda 21ta kafedrani o‘zida jamlagan.