EgyptAir samolyoti yonib qulayotgani tasvirlangan video paydo bo‘ldi
Al-Jazirah telekanali tomonidan internetga EgyptAir aviakompaniyasining O‘rta Yer dengizida halokatga uchragan samolyotining qulash jarayonining bir qismi tasvirlangan video joylashtirildi. Videoning davomiyligi 17 sekundni tashkil qiladi va unga ko‘ra qorong‘i osmonda uchayotgan samolyot yonayotganini taxmin qilish mumkin.
Telekanal bu rolik 19 mayga o‘tar kechasi O‘rta Yer dengizi hududidagi kemalardan birining kapitani tomonidan tasvirga olingani haqida ma'lum qilgan.
Bundan oldinroq, Daily Mirror nashri hududdagi orollarda istiqomat qiluvchilarning samolyot radarlardan yo‘qolgani bilan bir vaqtda osmonda ulkan olovli sharni ko‘rishgani haqida xabar tarqatgandi.
Samolyot «Sharl-de-Goll» aeroportidan Parij vaqti bilan 23:09 da (Toshkent vaqti bilan 2:09) parvoz qilgan va Qohiraga mahalliy vaqt bo‘yicha 3:05 (Toshkent vaqti bilan 06:05) da yetib kelishi kerak edi. U Qohira vaqti bo‘yicha 3:45 da radarlardan g‘oyib bo‘lgan.
Misr fuqarolik aviatsiyasi vazirligi harbiylar mahalliy vaqt bilan 4:26 (Toshkent vaqti bilan 7:26) da EgyptAir kompaniyasining g‘oyib bo‘lgan A320 samolyotidan falokat signallarini olganini ma'lum qildi.
Ko‘p o‘tmay Misr Fuqarolik aviatsiyasi EgyptAir samolyoti halokatga uchraganini tasdiqladi.
66 nafar yo‘lovchining 30 nafari Misr, shuningdek, 15 — Fransiya, 2 — Iroq, bir nafardan — Buyuk Britaniya, Belgiya, Quvayt, Saudiya Arabistoni, Sudan, Chad, Portugaliya, Jazoir va Kanada fuqarolari bo‘lgan.
Internetda shuningdek, samolyot yo‘qolishi arafasida joylashgan hududga qidiruvchilarning yuborilishi va qutqaruv kemalarining harakatlanish yo‘nalishlari videosi ham joylashtirilgan.