"Sevilya" ketma-ket uchinchi marta Yevropa ligasi g‘olibiga aylandi (Video+foto)
Angliyaning "Liverpul" va Ispaniyaning "Sevilya" klublari o‘rtasida kechgan Yevropa Ligasi finali ispanlarning g‘alabasi bilan yakunlandi.
Ispanlar uchrashuv boshidan birinchi raqam ostida o‘ynashga harakat qilishdi, raqib darvozasi tomon bir necha marta yurish qilishdi. Ammo Klopp shogirdlari yaxshi himoyalanishdi. Ular maydonga va raqibga moslashib olishganidan keyin xavfli hamlalarni amalga oshira boshlashdi. Ketma-ket hujumlar 35-daqiqada o‘z samarasini berdi. "Liverpul"ning "uchburchak" ko‘rinishidagi Firmino-Koutino-Starrij kombinatsiyasini Starrijning o‘zi juda chiroyli tarzda yakunladi. U chamasi 14 metrlardan chap oyog‘ining tashqi tomoni bilan olis burchakka aylanma zarba berib hisobni ochdi. Oradan 4 daqiqa o‘tib, "Liverpul" ikkinchi golni urdi, ammo u Starrijning aybi bilan inobatga olinmadi. Burchakdan yetkazilgan uzatmaga Lovren bosh bilan zarba berdi. Darvozabon maydonchasi ofsaydda turgan Starrij to‘pga oyoq cho‘zdi, ammo unga tegmadi. Hujumchi darvozabonni chalg‘itgani uchun gol hisoblanmadi.
Ikkinchi bo‘limning dastlabki daqiqasida Gameyro hisobni tenglashtirishga erishdi. Ruhiy ustunlikka erishgan mehmonlar 64-daqiqaga kelib navbatdagi hujumni boshlashdi. Vitolo maydon markazida devor uslubida o‘ynab, to‘pni Kokega yetkazib berdi. Koke bu vaziyatda Minole qo‘riqlayotgan darvozaning uzoq burchagini aniq nishonga olib jamoasini oldinga olib chiqdi. Oradan ko‘p o‘tmay yana o‘sha Koke "Liverpul"ning himoyadagi pala-partishligidan foydalanib hisobni yiriklashtirdi. Uchrashuv 3:1 hisobidagi "Sevilya"ning g‘alabasi bilan yakunlandi.
Shu tariqa, "Sevilya" ketma-ket uchinchi marta Yevropa ligasining bosh sovrinini qo‘lga kiritdi. Jamoa kelasi mavsumda Yevropa chempionlar ligasining guruh bosqichida ishtirok etish huququni qo‘lga kiritdi.
Yevropa ligasi, final.
"Liverpul" - "Sevilya" 1:3
Gollar: Starrij 35, Gameyro 46, Koke 64, 70,
Ogohlantirishlar: Lovren 30, Vitolo 57, Banega 58, Oriji 72, Rami 77, Mariano 84, Klayn 90.
"Liverpul": Minole, Ture (Benteke 82), Moreno, Klayn, Lovren, Milner, Jan, Koutino, Lallana (Allen 73), Firmino (Oriji 69), Starrij.
"Sevilya": Soriya, Koke, Rami (Kolodzeychak 78), Eskudero, Karrisu, Banega (Kristoforo 90), Nzonzi, Vitolo, Krixovyak, Mariano, Gameyro (Iborra 89).