Jamiyat | 10:08 / 21.05.2016
35811
19 daqiqa o‘qiladi

Jurnalist nigohi: Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazidagi oq kiyimli yulg‘ichlar

Emed.uz saytida yoritilgan maqola e'tiborimizni tortdi va qimmatli vaqtimizni sarflab uni o‘qib chiqdik va... Va qimmatli vaqtimizni sarflab o‘ta qimmatbaho ma'lumotlar olganimizga amin bo‘ldik. Ushbu maqolani borcha, o‘zgartirmasdan e'lon qilishni lozim topdik. Demak...

Betoblik yoki bemor yaqini tufayli kasalxonalarga ishi tushmaydigan odamning o‘zi yo‘q. Shifoxonalarga bosh urishga majbur bo‘lib qolsak, ostonadayoq bizni o‘ziga xos muammolar qarshilaydi. "O‘ziga xos muammolar" deganda ko‘pchilikning xayoliga ba'zi kasalxonalardagi noqulay shart-sharoitlar, ayrim shifokorlarning bilimsizligi, ta'magirligi, ayrim kasalxona xodimlarining qo‘pol muomalasi, dori-darmonlardan tashqari ortiqcha xarajatlar qilishga majburiylik kelishi aniq. Lekin bugun gap boshqa muammo haqida. 

Do‘stlarimizdan birortasining betob bo‘lib, shifoxonaga yotqizilganini eshitsak, darhol ulardan xabar olishga oshiqamiz. Kasalxonaga yotqizilgan bemorning oila a'zolarida, yaqinlarida esa halovat bo‘lmaydi. To bemor tuzalib ketmaguniga qadar shifoxona ularning har kunlik borar manzili. Boshiga tashvish tushib turgan bu odamlar, ming afsuski, juda ko‘plab kasalxonalar eshigida o‘ziga xos talonchilikka duchor etilmoqdalar. 

Yurtimizdagi deyarli barcha shifoxonalarda bemor ko‘rishga kelgan odamlardan kasalxona binosi ichida baxila (oyoq kiyim ustidan kiyib olinadigan maxsus sellofan xaltacha) kiyib olish talab qilinadi va kasalxona sanitar-gigiyenik shartlari nuqtai nazaridan bu talab mutlaqo to‘g‘ridir. Lekin shifoxonalarda baxila savdosining o‘ziga xos biznesga aylantirib olinishi, uning narxi aksariyat yurtdoshlarimizda norozilik uyg‘otmoqda. Ayni mazmundagi shikoyatlar ortidan Toshkent shahridagi bir qancha kasalxonalarda jurnalistik kuzatuv olib borib, shifoxonalar eshigida fuqarolar yana boshqa muammolar to‘sig‘iga uchrayotganlariga ham guvoh bo‘ldik.

"Uzatmagan"lar uchun tartib-qoida
 
Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazidamiz. Markaz hovlisi-yu bo‘limlar ostonalari kasal ko‘rishga kelgan odamlar bilan gavjum. Bemor yaqinini ko‘rgani kelgan kishi singari kasalxonaning hamma bo‘limlaridagi ahvolni birma-bir kuzatdik. Qoidaga ko‘ra, bolalar va kattalarni qabul qilish bo‘limlaridan tashqari bo‘limlarda soat kechki 17 dan 20 ga qadar bemorlarni palataga kirib ko‘rishga ruxsat etiladi. Lekin shifoxonada bu qoidani chetlab o‘tishning ham o‘ziga xos "narxi" bor ekan. Bo‘limlar eshigi oldida navbatchilik qilayotgan va aksariyati oddiy muomala madaniyatiga rioya qilmaydigan, qo‘pol qo‘riqchilar bilan bemor ko‘rishga kelgan odamlar o‘rtasida "bozor" avjida, ya'ni qo‘riqchining cho‘ntagiga sekingina uch ming so‘mmi, besh ming so‘mmi solib qo‘ysangiz, eshik oldida yegulik va dori-darmonlar solingan yelim xaltalarini ko‘tarib to‘planib turgan boshqa fuqarolarning ko‘zini shamg‘alat qilib, sizni ichkariga olishadi.
 
-Ahvol har doim shunaqami? – so‘rayman kasalxonaning jarrohlik bo‘limi ostonasida to‘planib turganlardan.
 
-Har doim shu! Kasalni ko‘rib chiqish uchun yo qo‘riqchilarga pul berishingiz kerak yoki do‘xtirlardan tanishingiz bo‘lsa, chaqirasiz, olib kirib ketadi, - biri-biriga gap bermay tushuntirishadi to‘planganlar.
 
Chindan ham, kutib turganlardan bir ayol kimgadir qo‘ng‘iroq qildi, ichkaridan oq xalatli xodim chiqib, uni olib kirib ketdi. Yana biri vrach tanishiga qo‘ng‘iroq qilib, telefonni qo‘riqchiga tutqazgan edi, ikki og‘iz so‘zlashib, uni ham ichkariga olishdi.
 
- Kasalxona tartib-qoidasi hamma uchun barobar emasmi? – so‘rayman sal oldinroq menga: «Soat kechki beshgacha bemor ko‘rgani kirish mumkin emas!» deya eshikni taraqlatib yopib olgan qo‘riqchidan. Qo‘riqchi «Senga nima!» deganday qirg‘iyqarash qildi-yu, eshik oldidagilarga o‘shqirdi:
 
- Bu yerda to‘planmanglar! Soat beshdan keyin kelasizlar, ungacha ruxsat yo‘q!
 
Tabiiyki, hech kim qaytib ketishni o‘ylagani ham yo‘q, aksincha, qo‘riqchining oynavandli eshikdan bu tarafga o‘tganini g‘animat bilib, uning cho‘ntagiga pul tiqishtirishlar, yalinishlar boshlandi:
 
- Jon uka, uzoqdan kelganman, shundoq kiramanu chiqaman. Qo‘yvoraqoling...
 
- Aka, falonchi do‘xtir amakim bo‘ladi. Qo‘ng‘iroq qilib tusholmayapman. Kirib chiqa qolay...
 
- O‘g‘lim, har safar rozi qilyapman-u, tanimadingizmi?..
 
Qo‘riqchining cho‘ntagiga pul solishni eplab qolgan «epchil»lardan bir-ikkitasi yana hammaning ko‘z o‘ngida ichkariga olindi. Eplolmaganlar yoki qo‘riqchiga pora berishni o‘ziga ep bilmaganlarning biri qarg‘anib, boshqasi so‘kingancha qoldi.  Oynavand eshikning tutqichini ichkaridan tutib turgan boshqa bir qo‘riqchini ko‘rib, eshikni taqillataman. Eshikni zarda bilan ochib, lom-mim demay, savol nazari bilan tikilgan qo‘riqchiga tushuntirmoqchiday bo‘laman:
 
- Uzoqdan kelganman. Kechki beshgacha kutolmayman, qaytib ketishim kerak. Lekin do‘xtirlardan tanishim ham, sizga beradigan ortiqcha pulim ham yo‘q...
 
Qo‘riqchi so‘zimni tugatishimni ham kutmay, eshikni yopib oldi. Biroz o‘tib yana o‘sha – bu yer uchun odatiy holat davom etadi: pul qistirgan yoki do‘xtirlardan tanishi borlar muammosiz ichkariga olinadi, boshqalarga esa kasalxona "tartib-qoidasi" tushuntirib qo‘yiladi...
 
- Menam Xorazmdan kelganman, - deydi yosh bolali juvon mening ham "ichkariga kirolmaganimni" ko‘rib, yaqinlasharkan. – Ukamni ko‘rib ketay degandim. Qaytadiganmiz... Lekin pul bersamam kiritmayapti-da.
 
-Siz kam beryapsiz-da, aylanay, - gapga aralashdi yoshi kattaroq ayol. –Ikki ming uzatyapsiz, to‘g‘rimi? Besh ming bering, qo‘yvoradi. Ana, kelinim kirib ketdi-yu shunaqa qilib...
 
Juvon kaftida siqimlab turgan ikki ming so‘mni besh ming so‘mga almashtirib, umid bilan qo‘riqchilar ichkaridan yopib turgan oynavand eshikka yaqinlashadi. Menam devorga suyanib, sabr bilan «kuta boshlayman». Birozdan so‘ng, chindan ham besh ming so‘mlik ish berdi: boyagi juvon «hech qo‘ymadingiz-da, kennayi» degan so‘zlar bilan ichkariga olindi.
Qaytarilmaydigan "qaytim"lar
 
Jarrohlik bo‘limining oynavand eshigidan ichkarini kuzataman. «Yo‘lini qilib» ichkariga kirib olganlar besh yuz so‘mdan baxila sotib olyaptilar.
 
-Baxila qimmat emasmi? – so‘rayman to‘planib turganlardan.
 
-Endii... bir-ikki marta kelsangiz qimmatlik qilmasov, lekin bizga o‘xshab har kuni qatnaydiganlarga qimmat-da, - deydi keksa bir otaxon. –Nevaram yotibdi. Har kuni besh-olti kishi kirib chiqamiz, «qo‘riqchiga ber, baxilaga ber» bo‘lib, dori-darmondan tashqari kuniga yigirma besh-o‘ttiz ming so‘m ketyapti...
 
Odamlar g‘ala-g‘ovur qilib muhokama boshlaydilar. Kimdir «Hozir hamma kasalxonada shu ahvol, ba'zilarida bundanam qimmat» desa, boshqasi "Aslida istagan narxida baxila sotishga hech kimning haqqi yo‘q. Haqqimizni talab qilmasligimizni biladi bular", deydi. Ko‘pchilikning fikri esa bitta: "Gapirgan befoyda".
Markaz jarrohlik bo‘limining orqa tarafidagi baxila tarqatilayotgan punktga o‘taman. Katta-katta harflar bilan "Odna para baxila 500 sum" deb yozib qo‘yilgan peshtaxta ortida baxila sotayotgan kasalxona xodimasi salomimga alik olmasa-da, savolimdan hushyor tortadi:
 
- Baxila narxining aynan besh yuz so‘m qilib belgilanganiga biror asos bormi?
 
- Nega so‘rayapsiz? – deydi xodima qoshlarini chimirib.
 
- Oddiy fuqaro sifatida qiziqyapman. Bunga haqqim bor. Qo‘lingizda biror hujjat bo‘lishi kerak harqalay...
 
Xodima jarrohlik bo‘limi tarafidagi tuynukdan qiziqish bilan qarab turgan hamkasblariga qarab past ovoz bilan bir nimalar dedi-da, oldimga bir varaq qog‘oz qo‘ydi:
 
- Mana hujjat!
 
Bu – 2016 yilning 9 fevralida "SHOE COVERS" MChJ bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi o‘rtasida tuzilgan №1 qo‘shimcha shartnoma bo‘lib, unda «ijarachi»ning markazga tashrif buyuruvchilarga servis xizmat ko‘rsatishi, ya'ni baxila bilan ta'minlashni o‘z zimmasiga olishi ko‘rsatilgan.
 
- Bunda narx ko‘rsatilmagan, - deyman xodimaga hujjatni qaytararkan.
 
- Boshlig‘imiz bilan gaplashing, - dedi xodima va telefon raqamini aytdi. Qo‘ng‘iroq qilganimizdan so‘ng ko‘p o‘tmay yetib kelgan yoshgina yigitcha o‘zini Tohirjon deb tanishtirdi. Unda ham o‘sha savol:
 
- Nega qiziqyapsiz?
 
- Bunga hamma fuqaroning haqqi bor, - deganimdan so‘ng yana qo‘limga boyagi qog‘ozni tutqazdi:
 
- Mana hujjat!
 
- Baxila narxi besh yuz so‘m qilib belgilangan. Nimaga asoslangan bu narx?
 
- Besh yuz so‘m qimmat emas-ku, - gapga aralashadi boyagi xodima. –Ana, tug‘ruqxonalarga borib ko‘ring, ularda baxila ming so‘m.
 
- Bizda arzon demoqchisiz-da.
 
Xodima indamay ko‘zini olib qochadi.
 
- To‘g‘ri, arzon emas, - deydi oddiy fuqarolarning surishtiruviga o‘rganmagan Tohirjon bezovta bo‘lib. Keyin ovozini pasaytirib, «dardi»ni aytdi:
 
- To‘g‘risi, baxilani aslida uch yuz so‘mdan sotsak ham o‘zini oqlaydi...
 
-Demak, asli uch yuz so‘m ekan-da?
 
-Lekin sdachisiga (qaytimiga) qiynalamiz-da, opa. Yuz so‘mlik, ikki yuz so‘mlik pullarni topish qiyin...
 
Sababni qarang!
 
- Siz narxni uch yuz so‘m deb belgilasangiz, odamlar mayda pul topa olishadi, sizlarni qiynashmaydi.
 
 Tohirjon javobimdagi kesatiqni sezmaganga oladi.
 
-Kasalxona bilan bog‘liq ishlaringiz bo‘lsa, bitirib beraman opa, - deydi pildirab. – Agar xodimlar qo‘pol muomala qilishgan bo‘lsa, menga aytsangiz...
 
-Yo‘q-yo‘q, hammasi joyida, - deyman xayrlasharkan. –O‘zim qiziqdim.
 
-Sizga o‘xshagan bittasiyam qiziqqan edi, keyin tekshirish kelgan, - deydi o‘sha yerda turgan kasalxona xodimalaridan biri.
 
Ahvol o‘zgarmaganidan ma'lumki, tekshirishlar bekor ketgan. Kim bilsin, tekshiruvchilar ham mijozlarga topib berilolmayotgan mayda "qaytim" pullardan o‘z «ulush»larini olib, tinchgina "sulh" tuzib ketishgandir balki. 
Markazda bir kunda qancha baxila sotilishi bizga aniq ma'lum emas, ehtimol mingtadir, ehtimol ikki yoki uch mingtadir... Lekin undan keladigan sof foyda anchagina salmoqli summani tashkil qilishi aniq. Aniqlashimizcha, kasalxonalar baxila bilan ta'minlovchi tegishli firmalardan o‘n mingdan ortiq baxila xarid qiladigan bo‘lsa, bir juft baxilaning narxi 150-170 so‘mni tashkil qiladi. Demak, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida sotilayotgan har juft baxiladan 330-350 so‘mdan sof foyda qoladi. Xo‘sh, bu pullar qayerga ketyapti? Kasalxona rahbariyatining cho‘ntagigami? Markaz bo‘limlaridagi baxila sotish punktlarida kassa apparatlarining yo‘qligi va naqd pullarning hech bir hujjatda qayd etilmayotgani ularning kasalxona g‘aznasiga emas, aynan bu ishlardan manfaatdor shaxslarning cho‘ntagiga borib tushayotganini tasdiqlaydi. 

Agar maqsad sog‘liqni saqlash tizimida islohotlarni amalga oshirish, yurtimizda zamonaviy tibbiyotni rivojlantirish, tibbiy xizmatni jahon andozalariga tenglashtirish bo‘lsa, kasalxonalarda oddiygina baxila mijozlarga aslida tekinga tarqatilishi kerak emasmi? Buning ustiga, baxila kiyish ko‘p odamlar uchun qiyinchilik tug‘diradi. Mijozlarga baxila kiyish joriy qilingan muassasalarda uni kiydirib qo‘yadigan maxsus moslama ham albatta bo‘lishi shart, ammo bunday qulaylikni hech qaysi muassasada uchratmaysiz.
 
Kimni kimdan qo‘riqlaydilar?
 
Yaxshi eslayman, shifoxonalarda baxila kiyish, qo‘riqchilik xizmatlari joriy etilmagan vaqtlarda ahvol hozirgiga qaraganda ancha yaxshi edi. Tozalanmagan oyoq kiyim bilan eski sholchani ham bosmaydigan odamlarimiz (oyog‘iga sellofan xalta kiyishga majbur qilinmasa ham) shifoxona tozaligiga putur yetkazmas edilar. Eshik oldida hamisha hozir turadigan sanitarka ayollar mijozlarga hozirgi qo‘riqchi-eshikog‘alardan ko‘ra ancha yaxshi, ko‘ngildagidek xizmat ko‘rsatar, bemorni kirib ko‘rish singari oddiy holatlardan bugungi kunimizdagi kabi katta muammolar, mashmashalar kelib chiqmas edi. 

Ma'lum bo‘lishicha, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining o‘zida bir yil davomida qo‘riqchilar va mijozlar o‘rtasida o‘ndan ortiq holatlarda janjal-to‘polonlar bo‘lgani kuzatilgan. Bularning hammasiga qo‘riqchilarning mijozlarga nisbatan o‘ta qo‘pol muomalasi, ta'magirligi sababdir. 

Xo‘sh, shifoxonalarga qo‘riqlovchilar nimaga kerak? Ular kimni kimdan va yoki nimadan qo‘riqlaydilar? Qaysi shifoxonaga bormang, bu haqli savolga baribir javob topolmaysiz. Zinhor ular bemorlarni va ularning shifoxonaga kelgan yaqinlarini butun dunyoni xavotirga solayotgan terror xavfidan himoya qilish uchun qo‘yilgan deya ko‘rmang. Chunki shifoxonalardagi qo‘riqchilarning hech birida metallni yoki shubhali unsurlarni aniqlovchi moslamalar yo‘q, jumladan, o‘zim kun davomida kuzatgan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo‘limlaridagi qo‘riqchilarda ham. Moslamani qo‘ying, ularning hech qaysisi o‘zi ichkariga kiritib yuborayotgan mijozlarning kattakon sumkalarini shunchaki tekshirib ham qo‘ymadilar. 

Markazning jarrohlik bo‘limi ostonasida loqaydlikning xunuk ko‘rinishlaridan biriga ham guvoh bo‘ldim. Egniga oq xalat kiygan yoshgina bir ayol kattakon sumkasini qo‘ltiqlaganicha ichkariga kirmoqchi bo‘ldi.
 
- Siz shu yerda ishlaysizmi? – so‘radi qo‘riqchi.
 
- Ha, - deya qisqagina javob qildi ayol. Qo‘riqchi:
 
- Oldin sizni hech ko‘rmagan ekanman, - dedi yo‘l berayotib. –Sizni tanimas ekanman.
 
- Tanimaysiz-da... – ayolning sho‘xgina kulishiga irshayib taslim bo‘lgan qo‘riqchi uning ortidan indamay qarab qoldi.
 
- Bu ayolni nega ichkariga kiritdingiz? – so‘rayman qo‘riqchidan.
 
- Nega kiritmasligim kerak? Shu yerda ishlaydi...
 
- Ammo uning xalatidan boshqa do‘xtirlik belgisi yo‘q, hatto birkasiyam. Uning kimligini qayoqdan bilasiz? Oq xalat kiyib kelgan har kimni do‘xtir deb ichkariga kiritaverar ekansiz-da?..
 
Tabiiyki, bu savollarim ham javobsiz qoldi. Yana takror savol tug‘iladi: shifoxonalarga bu qadar loqayd, ta'magir, mijozlarga bepisand muomalada bo‘ladigan qo‘riqchilar nima uchun kerak? Modomiki, ulardan na bemorlar va na ularning yaqinlariga foyda yo‘q ekan, demak, ularning vazifasi boshqa. Ular ostonaga nima uchun qo‘yilgan: ichkaridagi poraxo‘rliklarni, qonundan tashqari ishlarni begona ko‘zlardan «qo‘riqlash» uchunmi? "Ichkari"dagilarni "tashqari"dan bexos kelib qoladigan tekshiruvchilardan o‘z vaqtida ogohlantirib turish uchunmi? 

Eng yomoni, oqlab bo‘lmaydigan xatti-harakatlari bilan ular jamiyatning radikallashishiga sabab bo‘lyaptilar, odamlarda norozilik kayfiyatini uyg‘otyaptilar. Shifoxonada yaqinining kasalidan tashvishda ekani yetmagandek, ba'zi shifokorlarning poraxo‘rligi, ba'zilarining bilimsizligi tufayli kuyib turgani kamdek, qo‘riqchilar mashmashalaridan toqati toq bo‘lgan odamlarni ko‘rdim. Porox to‘ldirilgan bochkaga o‘xshaydi ular, bitta uchqun bo‘lsa, tamom, "portlaydi"! 

Eng yomoni – markaz mutasaddilarining o‘z mansablarini suiiste'mol qilishlari tufayli fuqarolarda mamlakatimizdagi sog‘liqni saqlash tizimi bo‘yicha izchil islohotlarga nisbatan ishonchsizlik; «kelishuvchan» tekshiruvchilar tufayli esa haqiqatning qaror topishiga bo‘lgan umidsizlik shakllanib qolgan. Haqiqatni aytadigan bo‘lsak, hukumat imidjini buzyapti ular! Ular hukumatni xalqning ko‘ziga xunuk ko‘rsatyapti! Aksariyat shifoxonalar millatga hukumatga nisbatan ishonchsizlik kasalligini yuqtiryapti. 

O‘z manfaatlarini Vatan obro‘sidan ustun qo‘yadigan, o‘z nafsining qutqulari tufayli xalq oldida, millat oldida hukumat va qonunlar obro‘sini to‘kayotgan kimsalarni davlat xoini sifatida javobgarlikka tortish vaqti kelmadimi bugun? Kamchiliklarni ko‘rsatib berayotganlarni emas, kamchiliklarning o‘zini va ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish vaqti kelmadimi? 

Yurtboshimiz ta'kidlaganlaridek: "Ommaviy axborot vositalari mansabdorlarning to‘rachiligi, korrupsiya, mustabidlik va boqimandalik psixologiyasi yo‘lida mustahkam g‘ov bo‘lib, qonunchilik me'yorlarini ro‘yobga chiqarish, islohotlarning borishi va huquqlariga rioya etilishi ustidan nazorat qilishning ta'sirchan vositasi bo‘lib qolishi zarur..." va buning vaqti allaqachon yetgan.
 
jurnalist  Saodat PO‘LATOVA.