O‘zbekiston | 16:16 / 24.05.2016
18109
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ShHT TIV rahbarlari kengashi yig‘ilishi yakunlandi

24 may kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti yig‘ilishi yakunlandi. Bu haqda O‘zbekiston TIV sayti xabar berdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilov, Qozog‘iston TIV rahbari Yerlan Idrisov, Xitoy TIV rahbari Van I, Qirg‘iziston TIV rahbari Erlan Abdillayev, Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov, Tojikiston TIV rahbari Sirojiddin Aslov, ShHT bosh kotibi Rashid Alimov hamda ShHTning Hududiy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi direktori Yevgeniy Sisoyev ishtirok etdi.

Ishchi yig‘ilishda "ShHT tashkil topganining 15 yilligi munosabati bilan rasmiy Toshkent tayyorlagan deklaratsiya loyihasi" hamda kun tartibidagi masalalarga bag‘ishlangan bir qator hujjatlar imzolandi. Shuningdek, tashkilotga Hindiston va Pokistonni qabul qilish masalasini Davlat rahbarlari kengashiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etishga qaror qilindi.

Muloqot bo‘yicha sherik maqomini berish to‘g‘risida Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja Qirolligi va Nepal bilan memorandumlar imzolanganligi vazirlar tomonidan ma'qullandi.

Vazirlar tomonidan ta'kidlaganidek, ShHT Xartiyasi va boshqa asosiy hujjatlariga muvofiq ravishda terrorizm, separatizm, ekstremizm, narkotiklarni noqununiy ishlab chiqarish va tarqatish, transchegaraviy jinoyatchiliklar, zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda amalga oshiriladigan jinoyatlar, noqununiy migratsiya va odam savdosi vositalariga qarshi umumiy kurashish bo‘yicha tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish tashkilot doirasidagi hamkorlikning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qoladi.

Shuningdek dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar, ularning rivojlanish tendensiyalari, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni mustahkmalash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

ShHTning 15 yilligiga bag‘ishlangan Toshkent deklaratsiyasi va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan ShHTga a'zo mamlakatlar davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishining yakunlari bo‘yicha axborot loyihalar hamda Bosh kotib Rashid Alimov tomonidan taqdim etilgan o‘tgan yilda tashkilot Kotibiyatining faoliyati to‘g‘risidagi hisobot tasdiqlandi.

Delegatsiya rahbarlari tashkilot faoliyati va Toshkentda bo‘lib o‘tadigan ShHT Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishiga oid qator masalalar bo‘yicha ham qarorlar qabul qilishdi.

Vazirlar ShHTda raislik qilayotgan O‘zbekiston tomonidan ShHTga a'zo mamlakatlar davlat rahbarlari kengashining Toshkent shahrida o‘tkaziladigan yig‘ilishiga tayyorgarlik bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berishdi.

Bu yig‘ilish 23-24 iyun kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan ShHT Sammitiga tayyorgarlik doirasidagi oxirgi yig‘ilish bo‘ldi.