Iqtisodiyot | 08:15 / 26.05.2016
6827
1 daqiqa o‘qiladi

Brent nefti narxi 2015 yil noyabridan buyon birinchi marta barreliga 50 dollardan oshdi

Brent nefti narxi 2015 yil noyabridan beri birinchi marotaba 50 dollardan oshdi. Bu haqda Londonning ICE birjasidagi savdolar ma'lumotlari darak bermoqda.

Toshkent vaqti bilan soat 06:37ga bu ko‘rsatkich 50,03 dollarni tashkil qilgan va avvalgi narxga nisbatan 2,8 foizga oshgan. 

Nyu-Yorkning NYMEX birjasida WTI neftining iyul fyucherslari 0,94 foizga oshdi va bir barreli uchun 49,65 dollarni tashkil qildi.

Bunday ijobiy natijalar ortida Rossiya rubli ham mavqeini mustahkamladi. Moskva birjasida bir dollar savdolar oxirida 65,50 rublni (68 tiyinga arzonlashgan), yevro 73,08 rublni (62 tiyinga arzonlashgan) tashkil qildi. 

16 may kuni Goldman Sachs banki neft narxi qazish hajmi kamayishi sababli oshishi haqidagi prognozni chop etgandi. Oxirgi haftalarda neft qazib olish hajmi kutilmagan vaziyatlar – Kanadadagi o‘rmon yong‘inlari va Nigeriyada terrorchilarning neft quvurlariga hujumi oqibatida kamayib borgan.