Sport | 08:42 / 27.05.2016
22682
6 daqiqa o‘qiladi

Futbol muxlislari intizorlik bilan kutayotgan nufuzli turnir - Yevro – 2016 haqida

Yaqinlashib kelayotgan yozning birinchi oyida futbol ishqibozlari intizorlik bilan kutayotgan futbol bo‘yicha Yevropa chempionatining final bosqichiga start beriladi. Aytib o‘tish joizki, ko‘hna qit'a chempionati nufuzi jihatidan millionlar o‘yini muxlislari orasida mundialdan keyingi o‘rinda turadi.

Fransiyaning 10ta shahridagi stadionlarda 24ta jamoa o‘rtasida o‘tkaziladigan turnir shu yilning 10 iyunida boshlanib, bir oy davom etadi va 10 iyul kuni yakuniga yetadi.

Turnir mezboni qanday aniqlandi
Tashkiliy qo‘mitaga turnirni o‘z hududida o‘tkazishni hohlagan 9ta davlat ariza tashlagan bo‘lib, ulardan Norvegiya, Shvetsiya, Shotlandiya, Uels, Irlandiya va Rossiya turli sabablarga ko‘ra o‘z arizalarini qaytarib olgan. Shunday qilib, UYeFA ijroiya qo‘mitasining 13 a'zosi ishtirok etadigan so‘nggi ovoz berish bosqichlarida Fransiya, Turkiya va Italiya davlatlari qatnashdi. Tanlovning yakuniy qaroriga ko‘ra o‘z raqiblaridan ko‘p ovoz olgan Fransiya Yevro-2016 mezboniga aylandi.

Saralash bosqichi
Kvalifikatsion bosqichga qur'a tashlash marosimi 2014 yilning 23 fevralida Nitstsa shahrida bo‘lib o‘tdi. UYeFA tashkiloti ushbu bosqich oldidan bir nechta qarorlar qabul qildi. Avvalgi Yevro – 2008 saralashida bir-biriga qarshi o‘ynashdan bosh tortgan Armaniston va Ozarbayjon termalari siyosiy sabablar tufayli Yevro-2016 kvalifikatsiya musobaqasida ham bir guruhga qo‘yilmadi. Ispaniya va Gibraltar termalari bilan ham shunday holat yuz bergan.

Saralash musobaqalari tizimiga ko‘ra 6 jamoadan iborat 8 guruh va 5 termadan tashkil topgan bitta guruh final yo‘llanmasini kiritish uchun kurash olib bordilar. O‘z guruhida g‘olib bo‘lgan va ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan termalar Yevropa chempionatiga to‘ridan-to‘g‘ri yo‘l olgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni eng yaxshi ko‘rsatkichlar bilan egallagan bir jamoa ham final ishtirokchisiga aylandi. Qolgan 8 guruhdagi uchinchi o‘rin sohiblari o‘zaro to‘qnashishga majbur bo‘ldi.

Saralash bosqichida ishtirok etgan 54 jamoadan 23tasi final bosqichiga yo‘llanma olib, turnir mezboni Fransiya bilan birgalikda nufuzli turnirda g‘oliblik uchun kurashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Futbol bahslari o‘tkaziladigan shahar va stadionlar
Yevro-2016 o‘yinlarini qabul qiluvchi shaharlar orasida bundan oldingi yillarda ham Yevropa chempionati va jahon birinchiligini o‘tkazganlari ham bor.

Cen-Deni shahridagi “Stad de Frans” stadioni – 81,338 tomoshabin uchun mo‘ljallangan;

Marsel shahridagi “Velodrom” stadioni – 67,000 tomoshabin uchun mo‘ljallangan;

Liondagi “Lyumer” stadioni – 61,556 tomoshabin uchun mo‘ljallangan;

Parij shahridagi “Park de Prens” stadioni – 50,186 tomoshabin uchun mo‘ljallangan;

Vilnyov-d’Ask shahridagi “Per Morua” stadioni – 50,186 tomoshabin uchun mo‘ljallangan;

Lans shahridagi “Feliks Bollar” stadioni – tomoshabin uchun mo‘ljallangan;

Bordodagi “Malmut Atlantik” stadioni – 42, 566 tomoshabin uchun mo‘ljallangan;

Sen-Eten shahridagi “Joffrua Gishar” stadioni – 42 ming tomoshabin uchun mo‘ljallangan;

Tuluzadagi “Tuluza” stadioni – 40 ming tomoshabin uchun mo‘ljallangan;

Nitstsa shahridagi “Alyants Rivera” stadioni – 35, 624 tomoshabin uchun mo‘ljallangan;

Turnir formati va final bosqichiga qur'a tashlash marosimi yakunlari
Ishtirokchi jamoalar safini 16tadan 24taga ko‘paytirish maqsadida, final turniriga qo‘shimcha ikkita guruh qo‘shildi va 1/8 bosqichi yana bittaga ko‘paytirildi. Shunday qilib, pley-offga o‘z guruhlarida birinchi, ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar va uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritishda boshqalarga nisbatan yaxshi ko‘rsatkichga ega to‘rtta terma yo‘l oladi.

Final bosqichiga qur'a tashlash marosimi Parijda 2015 yilning 12 dekabrida o‘tkazildi. Terma jamoalar 4ta savatchaga joylanib, birinchi savatchadan saralash bahsi ishtirokchilaridan hamda amaldagi Yevropa chempioni hisoblangan Ispaniya termasi joy oldi. Qolgan 2, 3 va 4 savatchalarga oltitadan jamoaga joy berildi. Mezbon Fransiya termasi hech qaysi savatchadan joy olmay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri A guruhining birinchi qatoriga joylashgan.

Final bosqichi guruhlar tarkibi bilan tanishing:

Turnirning logotip va talismanlari

Chempionatning rasmiy logotipining ko‘rinishi mana shunday. Bu ramzga Portugaliyaning Brandia Central agentligi muallifdir. Turnir talismani ya'ni tumorchasi Super Viktor bo‘lib, uni ijtimoiy tarmoqlardagi so‘rovnomalar orqali muxlislar tanlagan.

Turnirning rasmiy to‘pi

Adidas kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan musobaqaning rasmiy to‘pi «Beau Jeu» (fr. “Maftunkor o‘yin”) deb nomlanadi.

Musobaqa madhiyasi
Turnir madhiyasi tayyorlovchisi fransiyalik mashhur didjyey Devid Guett.

Elmurod Ermatov tayyorladi.

Mavzuga oid