Jamiyat | 21:50 / 30.05.2016
56882
3 daqiqa o‘qiladi

Erkin Vohidov olamdan o‘tdi

O‘zbekiston Xalq shoiri, dramaturg, jamoat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov olamdan o‘tdi. Bu haqda jurnalist Abdurahmon Tashanov Facebook sahifasida xabar bergan.

"Xalqimizning atoqli adibi, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov olamdan o‘tdi. Bu haqda menga ustoz jurnalist Sharof aka Ubaydullayev hozirgina qo‘ng‘iroq qilib, u kishini hukumatga qarashli 1-statsionardan olib kelishayotganini aytdilar.

Dilbar shoirimiz, ajoyib inson Erkin Vohidovni Alloh rahmatiga olsin!", deyiladi manbada.

Erkin Vohidov 1936 yili Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida tavallud topgan. 1960 yili ToshDU (hozirgi O‘zMU) filologiya fakultetini tugatgach, «Yosh gvardiya» nashriyotida muharrir, bosh muharrir (1960—63; 1975—82), G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyotida muharrir, bosh muharrir (1963—70), direktor (1985— 87), «Yoshlik» jurnali bosh muharriri (1982-85) vazifalarida ishlagan.

Ijodiy faoliyati davomida «Tong nafasi» (1961), «Qo‘shiqlarim sizga» (1962), «Yurak va aql» (1963), «Mening yulduzim» (1964), «Muhabbat» (1976), «Kelajakka maktub» (1983), ikki jildli saylanma («Muhabbatnoma» va «Sadoqatnoma», 1986), «Kuy avjida uzilmasin tor» (1991), «Yaxshidir achchiq haqiqat» (1992) kabi she'riy to‘plamlar nashr qildirgan shoir Behbudiy, Cho‘lpon, Avloniy, Qodiriy singari ma'rifatparvarlarning 60-yillardagi ijodiy davomchisi sifatida o‘zbek adabiyotida o‘z izini qoldirdi.

Uning «Orzu chashmasi», «Nido» (1964), «Quyosh maskani» (1970), «Baxmal» (1974), «Ruhlar isyoni» (1978— 79), «Toshkent sadosi» (1983) kabi asarlari o‘zbek dostonchiligining yetuk namunalaridan hisoblanadi.

«O‘zbegim» qasidasi (1968) esa kommunistik mustabid tuzum davrida milliy uyg‘onishimizga barakali ta'sir ko‘rsatgan.

U I. Gyotening «Faust» asarini, S. Yeseninning she'rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, alohida kitob holida nashr ettirgan. Bundan tashqari F. Shiller, Iqbol, Ulfat, R. Hamzatov, L. Ukrainka, A. Blok va boshqa turli xalqlar shoirlari asarlarini ham o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Erkin Vohidov O‘zbekiston Oliy Kengashi deputati (Oshkoralik masalalari qo‘mitasi raisi; 1990—95); 1995 yildan O‘zbekistan Oliy Majlisi deputati va Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi bo‘lgan.

U «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (1997). Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1983).

Kun.uz sayti tahririyati marhum shoirning oilasiga va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.