Jahon | 22:35 / 02.06.2016
6217
2 daqiqa o‘qiladi

Boku:  Bundestagning armanilar genotsidini tan olishi noxolislik va tarafkashlik

Ozarbayjon TIV matbuot xizmati rahbari Hikmet Gadjiyev Germani parlamentining armanilar genotsidini tan olishga qaratilgan rezolyutsiyani qabul qilishiga munosabat bildirib o‘tdi.

"Biz bu rezolyutsiyani tarafkashlik uchun bichib-to‘qilgan va noxolis tayyorlangan deb bilamiz. Siyosiy maqsadlar uchun tarixni soxtalashtirmaslik kerak", deydi u.

U bundestagni "Xo‘jalida ozarbayjonliklarning genotsid qilingani faktini inkor qilish"da va ikki xil standartda ayblagan.

Bundestag deputatlari bugun 1915 yilda Usmonlilar imperiyasida armanilarning deportatsiya qilinishini genotsid deb tan olish yuzasidan rezolyutsiya qabul qildi. 

«1915–1916 yillarda Usmoniylar saltanatida armanilar va boshqa xristian ozchiliklarning genotsidi xotirasiga» deb atalgan hujjat qabul qilinishidan keyin Turkiya Germaniyadan elchisini chaqirib oldi.

1915 yilda, Birinchi jahon urushi vaqtida Usmoniylar imperiyasida, turli baholarga ko‘ra, 600 mingdan 1,5 milliongacha armani halok bo‘lgan. Turkiya 300 ming kishi halok bo‘lganini tan oladi, ammo buning «genotsid» atamasi bilan ta'riflanishiga qarshi chiqadi. O‘z navbatida, turk tarixchilari armanilarning qurolli guruhlari o‘n minglab musulmonlarni qirg‘in qilganini ta'kidlab keladi.

Xo‘jalidagi voqealar esa Qorabog‘ urushi doirasida 1912 yili ro‘y bergan. 1992 yilning 25 fevralidan 26 fevraliga o‘tar kechasi arman harbiylari Tog‘li Qorabog‘dagi Xo‘jali shahriga kirgan. Qamal vaqtida va undan keyin tinch aholining yuzlab vakillari halok bo‘lgan, jarohatlangan va bedarak yo‘qolgan. Ozarbayjon majlisi turli tekshiruvlar asosida o‘sha kuni 485 kishi o‘ldirilganini iddao qiladi va bu voqeani genotsid deb ataydi.