Toshkent shahri ShHT sammiti arafasida to‘liq «yopilishi» haqidagi xabar inkor etildi
Ayrim internet-nashrlarining 23-24 iyun kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti o‘tkazilishi munosabati bilan Toshkentning «yopilishi» haqidagi xabarlari dam olish kunlari eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan bo‘ldi.
Shanba kuni «Novosti Uzbekistana» sayti 16 iyundan «avtomobil va temir yo‘l transportining barcha turlari» (keyinroq «respublika ahamiyatiga molik» qo‘shimchasi paydo bo‘ldi) hamda «ayrim aviatashuvchilar» uchun (mazkur qism o‘chirib tashlandi) shaharning yopilishi haqida xabar qoldirdi.
«Gazeta.uz» nashrining huquqni muhofaza qilish organlaridagi axborot manbalari amalga oshirilayotgan xavfsizlik choralari bunday darajadagi tadbirlar uchun standart ekanini ta'kidladi. Shahar chegaralarida nazorat o‘tkazishning kuchaytirilishi va hududlar bilan avtobus aloqalarining cheklanishi kabi choralar har yili mustaqillik bayrami (1 sentabr) arafasida ham kuzatiladi.
Avvalroq chiqib ketgan shaharliklar poytaxtga muammosiz kirishlari mumkin, faqatgina, ehtimol, sinchkovlik bilan tekshiruvdan o‘tkazilganlaridan keyin. Shaharning «yopilishi» kirish va chiqishning to‘liq to‘silishini anglatmaydi, deya qayd etdi «Gazeta.uz» suhbatdoshi.
«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi matbuot xizmatidagilar ham sammit o‘tkaziladigan sanalarga belgilangan parvozlar amalga oshishi, ayni paytda chiptalar sotilayotganini ma'lum qildi. Jadvalga kiritilgan har qanday o‘zgarish, agarda bu sodir bo‘lsa, aviakompaniyaning rasmiy saytida e'lon qilinadi.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ vakillari ham ShHTning ikki kunlik sammiti davomida temir yo‘l aloqasida hech qanday o‘zgarishlar bo‘lmasligini xabar qildi.
Qayd etish joizki, avia- va temir yo‘l reyslaridagi to‘xtalishlar yuqori lavozimli shaxslarning Toshkentga kelishi va undan ketishi vaqtida kuzatilishi mumkin, biroq bu qisqa muddatli xarakterga ega.