Istanbulda o‘zini portlatgan terrorchilarning ikki nafarida Rossiya pasporti bo‘lgan
29 iyunga o‘tar kechasi Istanbul shahridagi Otaturk nomidagi aeroportda terakt uyushtirgan terrorchilardan ikki nafarida Rossiya pasporti bo‘lgan. Bu haqda DHA agentligi xabar tarqatgan.
Qayd etilishicha, Rakim Bulgarov va Vadim Osmanov ism-sharifli bu terrorchilarda Rossiya pasporti bo‘lgan.
Ayni vaqtda Turkiya hukumati ushbu ma'lumotlarni rasman tasdiqlamadi.
Bundan oldinroq, AQShda Istanbuldagi terakt kelib chiqishiga ko‘ra chechenistonlik bo‘lgan Ahmad Chatayev tomonidan sodir etilgani, U Suriyada IShIDning "harbiy vaziri" bo‘lgani haqida ma'lum qilindi.
29 iyun oqshomida Istanbul aeroportiga 3 nafar terrorchi uyushtirgan hujum oqibatida 43 kishi halok bo‘ldi, 239 kishi jarohatlandi. Turkiya bosh vaziri Binoli Yildirim bu terakt ortida IShID turgani haqida ma'lum qildi.
Turkiya maxsus xizmatlari 30 iyun kuni uyushtirilgan reydlar natijasida 27 kishini hibsga oldi, ulardan 13 nafari turkiyalik, 14 nafari xorijlik.