Jamiyat | 12:52 / 14.07.2016
11085
4 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda psixotrop tabletkalarning noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi

Dori-darmon vositalarining olib kirilishida tarkibida psixotrop moddalar bo‘lgan dori vositalariga alohida yondashiladi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 12 noyabrda qabul qilingan “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida o‘tkazish tartibini, shuningdek, ularning muomalada bo‘lishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan bojxona chegarasidan olib o‘tilishi, muomalaga kiritilishi taqiqlangan va cheklangan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar ro‘yxati tasdiqlangan.

Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanishi uchun psixotrop moddalarni davolash kursi doirasida olib kirish va olib chiqilishiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ruxsat beriladi.

Ayrim fuqarolar ushbu me'yoriy hujjatlarda belgilangan talablarga rioya qilmasdan, bojxona nazoratidan yashirincha psixotrop moddalarni Respublika hududiga olib kelishga urinishmoqda. 

Raqamlarga murojaat qilsak, Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda ushbu sohada 2016 yilning 1-yarim yilligi davomida 13ta bojxona qoidabuzarliklari aniqlanib, jami 1419 dona tabletka ko‘rinishidagi turli psixotrop dori vositalarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yildi.

Jumladan, Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan “Urganch aeroport” chegara bojxona posti orqali “Moskva–Urganch” yo‘nalishidagi aviareys bilan Rossiya Federatsiyasidan kirib kelayotgan fuqaro N. I. ning qo‘l yuklari skaner apparati yordamida bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd qilinmagan, bojxona nazoratidan yashirilgan jami 1203 dona “Fenazepam tabletki” yozuvli dori vositalarnini hech qanday hujjatlarsiz olib kirishga urinish holati aniqlandi.

Shuningdek, mazkur bojxona posti orqali "Moskva-Urganch" reysi bilan uchib kelgan A. G. ga tegishli qo‘l sumkalari bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, bojxona nazoratidan yashirincha 5 konvalyutada jami 50 dona “Fenazepam tabletki” yozuvli psixotrop dori vositalarini Rossiya Federatsiyasidan O‘zbekiston Respublikasiga olib kelayotganligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 8 iyundagi 191-son qarori bilan tasdiqlangan “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish hamda olib chiqish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun psixotrop moddalarni yashash yoki bo‘lish mamlakatining tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjat taqdim etilmasdan turli nomdagi 5tagacha davolash preparatlarini va ulardan har birining ikkitadan ortiq bo‘lmagan o‘ramini davolash kursi doirasida olib kirish va olib chiqishda ruxsat beriladi.

I.Matniyazov
Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar guruhi katta inspektori.

Mavzuga oid