Jahon | 10:55 / 27.07.2016
12418
2 daqiqa o‘qiladi

Hillari Klinton prezidentga aylansa, Bill Klinton Oq uydagi yig‘ilishlarga kiritilmaydi

AQSh prezidentligi uchun saylovda Hillari Klinton g‘olib chiqsa, uning turmush o‘rtog‘i, mamlakatning sobiq prezidenti Bill Klinton Oq uydagi yig‘ilishlarda ishtirok etmaydi va Klinton xonimning qarorlariga ta'sir ko‘rsata olmaydi. Bu haqda The New York Times gazetasi xabar tarqatdi.

Nashr ma'lumotiga ko‘ra, Bill Klinton Oq uydagi hukumat a'zolarining doimiy yig‘ilishlariga qo‘yilmaydi. Shuningdek, unga prezidentning Oval ofisi joylashgan binoning (Oq uyning) g‘arbiy qismida ishlash uchun xona ajratilmaydi. 

“Hozirgi va sobiq prezidentlar orasidagi o‘zaro munosabatlar juda nozik masaladir”, deydi AQShning bir necha prezidentlari maslahatchisi bo‘lib ishlagan Devid Jyergen.

Uning aytishicha, Klinton o‘z rafiqasiga ta'sir etish orqali prezidentlik davridagi tarixni qayta yozishni istab qolishi mumkin.

26 iyul kuni AQShning sobiq davlat kotibi Hillari Klinton Demokratik partiyaning Filadelfiyadagi  qurultoyi chog‘ida demokratlardan AQSh prezidentligiga rasmiy nomzodga aylandi.

Klinton mamlakat tarixida Amerikaning eng yirik siyosiy partiyasi qo‘llab-quvvatlagan birinchi ayol siyosatchi bo‘ldi.

Praymerizlar vaqtida Klinton qurultoy delegatlarining zarur bo‘lgan 2383ta ovozini to‘pladi.