Jamiyat | 15:30 / 05.08.2016
28307
9 daqiqa o‘qiladi

Harom rizq ko‘chasining oxiri jarlikdir

To‘g‘ri kelgan narsani surishtirmay, o‘ziniki qilib olish, undan foydalanish hayvonga xosdir. Inson halol haromni ajratishi bilan hayvondan farq qiladi. Musulmon kishi haromdan hazar qilishda o‘ta mas'uliyatli bo‘lishi kerak. Aks holda, uni dunyoda ham, oxiratda ham yomon oqibat kutadi.
Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) “Odamlarga bir zamon keladiki, unda kishi molni qanday qo‘lga kiritganiga, haloldan yo haromdan topganiga e'tibor qilmaydi”, dedilar”.
 
Odamlar haqiqiy Islomdan uzoqlashishi natijasida halol bilan haromni ajratish go‘yoki ikkinchi darajaga tushgandek. Mol-dunyo to‘plash, yaxshi hayotga oson erishish uchun ayrim kishilar haromdan, jinoyatdan, pastkashlikdan tap tortmaydigan bo‘lib qolishdi. Hatto halol yashashga uringan kishilarning ustidan kulish, ularni kamsitish oddiy holga aylandi. Oilani boqish vazifamiz ekan deb, ko‘chadan topganlarini, halolmi, harommi, surishtirmasdan olib kelib farzandlariga yediradigan ota-onalar ham bor.

Nohaq, harom yo‘llar bilan kasb qilish ommaviylashib ketsa, xunuk oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqidagi fikrlar ba'zi kishilar o‘ylab topgan oddiy gaplar emas. Alloh taolo: “Mol(mulk)laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz!” (Baqara, 188), deb marhamat qiladi. Ya'ni, bir-biringizning molingizga, haqingizga xiyonat qilmang. Imom Qurtubiy oyatdagi “botil (yo‘l) bilan yemaslik”ka haromning barcha turlari: qimor, aldamchilik, harom narsalarni sotib, harom kasb qilib mol, boylik topish va boshqa shu kabilar kiradi, deganlar. Ushbu oyat tafsirida Ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadilar: “Alloh taolo kishini nohaq, yolg‘on qasam bilan birodarining molini o‘ziniki qilib olishdan qaytardi. Birovning haqini yeyish ikki xil bo‘ladi: zulm orqali – tortib olish, xiyonat, o‘g‘rilik; hazil va o‘yin orqali – qimor va boshqa shunga o‘xshash bekorchi ermaklar”.

Harom yeyish, ya'ni, Alloh man qilgan narsalarning iste'moli dunyoning o‘zida ham, oxiratda ham yomon oqibatlarga olib keladi.
Payg‘ambarimiz (alayhissalom) aytganlar: “Bir kishi uzoq safar qiladi, sochi to‘zg‘ib, ust boshi chang bo‘ladi, qo‘llarini osmonga cho‘zib: “Yo Rabbim, Yo Rabbim...” deydi. Holbuki, yegani harom, kiygani harom va haromdan oziqlangan. Bas, uning duosi qanday ijobat bo‘lsin?!” (Imom Muslim).
Hazrat Anas (roziyallohu anhu) Payg‘ambarga (sollallohu alayhi va sallam): “Yo Rasululloh, meni duosi ijobat bo‘ladigan qilib qo‘ying”, debdilar. U kishiga javoban Payg‘ambarmiz (alayhissalom) “Luqmangizni halol qiling”, degan ekanlar.

Duo qabul bo‘lishi uchun luqmaning halol bo‘lishi shartligi ushbu hadislardan anglashilib turibdi. Unda harom yeyishning dunyo va oxirat uchun eng birinchi yomon oqibati duoning qabul etilmasligi bo‘lib chiqadi. Duoning qabul bo‘lmasligida esa ibodat va boshqa yaxshi amallarning ham qabul bo‘lmasligiga olib borish xavfi bor. Alloh saqlasin!

Abdulloh ibn Mas'uddan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Albatta, Alloh o‘rtalaringizda rizqni taqsimlaganidek xulqlaringizni ham taqsimlagandir. Albatta, Alloh taolo dunyoni yaxshi ko‘rgan va yaxshi ko‘rmagan bandalariga beraveradi, dinni esa faqat yaxshi ko‘rgan bandasiga beradi.

Alloh kimga dinni ato etgan bo‘lsa, haqiqatda uni yaxshi ko‘ribdi. Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasam, dili va tili musulmon bo‘lmaguncha hech bir banda musulmon bo‘lmaydi, to qo‘shnisi “bavoiq”idan omonda bo‘lmagunicha imonli bo‘lmaydi”. “Bavoiq nima?” deb so‘rashgan edi, “Aldov va zulm” dedilar-da, davom etdilar: “Qaysi bir banda haromdan mol topib, uni sadaqa qilsa, qabul qilinmaydi, infoq ehson qilsa, barakasi bo‘lmaydi, o‘zidan keyinga qoldirsa, do‘zax uchun hozirlagan ozuqasi bo‘ladi. Aniq-ki, Alloh yomonlikni yomonlik bilan o‘chirmaydi, bil'aks, yomonlikni yaxshilik bilan o‘chiradi. Shubhasiz, nopok nopokni o‘chirmaydi” (Imom Ahmad va boshqalar).
Mazkur hadisdan harom yeyuvchi kishining sadaqasi qabul bo‘lmasligini, o‘zidan keyin qoldirsa, do‘zax uchun hozirlagan ozuqasi bo‘lishini bilib olamiz.

Harom bilan oziqlanish farzand tarbiyasini ham buzadi. Bular harom yeyishning dunyodagi yomon oqibatlaridir. Bunday shum amal oxiratda ham bir necha yomon oqibatlarga sabab bo‘ladi. Ka'b ibn Ujradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Ey Ka'b ibn Ujra, nohaq – haromdan o‘sgan go‘sht (jasad) jannatga kirmaydi” (Ibn Hibbon).

Imom Tabaroniy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Qiyomat kunida ayrim kishilarni olib kelishadi. Ularning Tuhoma tog‘icha keladigan yaxshiliklari bo‘ladi. Ular keltirilgach, Alloh ularning yaxshiliklarini to‘zg‘igan g‘uborga aylantirib qo‘yadi, o‘zlari esa do‘zaxga uloqtiriladi”. “Yo Rasululloh, bunday bo‘lishining boisi nedir?” deb so‘rashdi. “Ular namoz o‘qir, ro‘za tutar, haj qilar edilar, biroq biron bir harom narsaga duch kelsalar, uni olishar edi. Shu bois Alloh ularning amallarini behuda qiladi”, deb javob berdilar.
Demak, harom yeyuvchi kishilarning amallari behuda bo‘ladi va o‘zlari do‘zaxga uloqtiriladi. Bundan da yomon oqibat bo‘lmasa kerak!

Bu o‘rinda Abu Bakr Siddiqning (roziyallohu anhu) taqvolarini misol keltirish mumkin. Oyshadan (roziyallohu anho) rivoyat qilinadi: “Abu Bakr Siddiqning (roziyallohu anhu) xiroj to‘laydigan g‘ulomi – quli bor edi. Abu Bakr uning xirojidan tanovul qilar edilar. Bir kuni u zot quli keltirgan taomni yeya boshladilar. G‘ulom Abu Bakrdan so‘radi: “Bu nimaligini bilasizmi?”. “Yo‘q, u nima?”. “Johiliyatda bir kishiga fol ochgan edim. Folbinlik yaxshi bo‘lmagan, men uni aldagan edim. Hozir haligi kishi yo‘liqib, o‘sha ishim uchun menga mana shu siz yegan narsani berdi”, degan edi, Abu Bakr qo‘llarini og‘izlariga tiqib, qorinlaridagi bor narsani qayt qilib tashladilar” (Imom Buxoriy).

Biz ham u zotlarga o‘xshab taqvodor bo‘lishimiz uchun nima qilmog‘imiz zarur? Avvalo, man qilingan narsalarni va ularni man qilgan Zotni tanimog‘imiz kerak. Ulamolarning fatvolari bo‘yicha, “xoin, aldovchi, o‘g‘ri, battol, foiz oluvchi (sudxo‘r) va beruvchi, yetimning molini nohaq yeyuvchi, yolg‘on guvohlik beruvchi, qarzga binoan bir narsa olib, undan tonuvchi, poraxo‘r, o‘lchov va tarozidan urib qoluvchi, molining aybini yashirib sotuvchi, qimorboz, sehrgar, munajjim, fohisha, tomosha uchun dod solib yig‘lovchi, sotuvchidan so‘ramay haqini olib qoluvchi dallol va hur odamni sotib, pulini yeyuvchi kimsalar boshqalarning haqini nohaq, ya'ni harom yeyuvchilar sirasiga kiradi”.

Bundan xulosa shuki, insonda yashash huquqi va mol to‘plash huquqi bo‘lganidek, luqmasini haromdan saqlash mas'uliyati ham bor. Luqma pokligini ko‘z qorachig‘ini saqlagandek asrash lozim.

Alloh taolodan afv va mag‘firat so‘raymiz. Zero, U Zot afv qilishni yaxshi ko‘radigan va afv qiladigan Zotdir. Bizlarni O‘zi suygan, rozi bo‘ladigan ishlarga, jumladan, haromdan saqlanishga muvaffaq qilishini so‘raymiz.


 
Rahmatulloh SAYFUDDINOV
Yunusobod tumani bosh imom xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
"Mirza Yusuf" jome masjidi imom xatibi