Jahon | 19:05 / 10.08.2016
12020
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya FXX Qrimda ukrainaliklar tayyorlagan terakt oldi olingani haqida ma'lum qildi

Rossiya Federal Xavfsizlik xizmati Qrim yarim orolida amalga oshirilishi rejalashtirilgan teraktni bartaraf etgani haqida ma'lum qildi. RIA «Novosti» xabariga ko‘ra, bu terakt  Ukraina Mudofaa vazirligi razvedka Bosh boshqarmasi tomonidan tayyorlangandi.

Rossiya FXX rasmiy saytidagi xabarda keltirilishicha, terakt Qrim yarim orolining eng muhim infratuzilmalarida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan va bundan maqsad saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish davrida yarim oroldagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarish bo‘lgan.

Aniqlik kiritilishicha, 7 avgustga o‘tar kechasi Armyans tumanida terakt uchun jo‘natilgan guruh aniqlangan. Guruh a'zolarini qo‘lga olish vaqtida FXXning bir xodimi halok bo‘lgan. 

Qurolli to‘qnashuv hududida umumiy quvvati trotil ekvivalentida 40 kilogrammga teng 20 ta qo‘lbola portlovchi uskuna, o‘q-dori, piyodalarga qarshi va magnitli minalar, granatalar hamda Ukraina qurolli kuchlari maxsus bo‘linmalarining qurollanishida bo‘lgan maxsus qurol-yarog‘lar topildi. 

Ushbu hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va tergov ishlari boshlangan.

Ayni vaqtda Qrim yarim orolida hamda Ukraina chegarasida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Dam olish maskanlarini, hayot ta'minoti va infrastrukturaning eng muhim obektlarini qo‘riqlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilingan.