Jamiyat | 10:21 / 10.08.2016
9376
2 daqiqa o‘qiladi

To‘raqo‘rg‘onda  har biri 450 megavattga ega bo‘lgan ikkita bug‘-gaz qurilmasi qurilmoqda

Milliy matbuot markazida “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash borasida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

O‘tgan davrda Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasida 600 megavatt, Talimarjon issiqlik elektr stansiyasida 800 megavatt quvvatga ega bo‘lgan energobloklar ishga tushirildi. Navoiy issiqlik elektr stansiyasida quvvati 478 megavattli zamonaviy bug‘-gaz qurilmasi qurildi. “Toshkent issiqlik elektr markazida kogeneratsion gaz-turbina texnologiyasini joriy qilish” investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida quvvati 27 megavattga ega gaz-turbina qurilmasi barpo etildi.
Hozirgi kunda Talimarjon, Toshkent, Taxiatosh va Navoiy elektr stantsiyalarida bug‘-gaz qurilmalarini qurish loyihalari bajarilmoqda. Namangan viloyatida To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasini barpo qilish loyihasi doirasida har biri 450 megavattga ega bo‘lgan ikkita bug‘-gaz qurilmasi qurilmoqda. “Talimarjon IESini ikkita har biri 450 megavatt quvvatiga ega bo‘lgan bug‘-gaz qurilmasini qurish bilan kengaytirish” loyihasi bo‘yicha birinchi va ikkinchi bug‘-gaz qurilmalari uchun bug‘ va gaz turbinalari o‘rnatilmoqda.

“Toshkent IESda quvvati 370 megavattga ega bo‘lgan bug‘-gaz qurilmasini qurish” loyihasi doirasida qozon va bug‘ turbinasini yig‘ish yakunlanib, qurilish-montaj, gaz turbinasini yig‘ish ishlari olib borilmoqda. Ushbu loyihani joriy yilning yakunigacha tugallash ko‘zda tutilgan.