Jahon | 19:11 / 11.08.2016
12688
2 daqiqa o‘qiladi

The Guardian Qrimdagi qo‘poruvchilikka urinishdan so‘nggi voqealar rivojini taxmin qilmoqda

Rossiya FXX Kiyev ma'muriyati tomonidan Qrimda tashkil etilgan qo‘poruvchilik harakatlarining oldini olgani haqida ma'lum qilganidan so‘ng, voqealar rivojining uch xil ssenariysini taxmin qilish mumkin, deb fikr yuritadi Britaniyaning The Guardian gazetasi.

Birinchi voqealar rivojiga ko‘ra, rasmiy Kreml inqirozdan foydalanib, Ukrainadagi mojaro sabab joriy qilingan sanksiyalarni bekor qilishga G‘arbni ishontirishga urinib ko‘radi. 

Ikkinchi taxminga muvofiq, Rossiya hukumati «xavfsizlik yo‘lagi»ni barpo etish maqsadida «cheklangan miqdorda harbiy safarbarlik joriy qilishi» ehtimol. Bunda, Ukrainaning Xerson shahridagi elektrostansiya ham rus qo‘shinlari nazoratiga o‘tadi. 

Nashrning taxminicha, quruqlikdagi xavfsizlik yo‘lagini barpo etish, birmuncha maqsadga muvofiq variantdir. Chunki, bu bilan Qrimning suv va elektr ta'minoti bilan bog‘liq muammosi hal etiladi. Kerchen bo‘g‘ozidan o‘tuvchi ko‘prik yaqin kelajakda barpo etilishi so‘roq ostida bo‘lgach, ayni muammolar yana kun tartibiga chiqqan edi. 

Biroq, voqealar rivojining uchinchi ehtimoliga binoan, «xayolga kelmagan qandaydir keng qamrovli harakat» amalga oshiriladi.

The Guardian gazetasining qayd etishicha, «yangi Qrim inqirozi yo‘q joydan paydo bo‘lgan» va Rossiya hamda Ukraina tomonining bayonotlaridan so‘ng, «vaziyat keskin tus»da ekanini anglash qiyin emas.