Jamiyat | 20:05 / 16.08.2016
24139
4 daqiqa o‘qiladi

Xorijda ishlashni orzu qilgan 77 nafar O‘zbekiston fuqarosi tovlamachilik qurboniga aylandi

Konsalting firma rahbari muayyan to‘lov evaziga Yevropa Ittifoqi davlatlari va Koreyada yaxshi ishga joylab qo‘yishni va'da qilib, 77 kishini chuv tushirdi. 

2014 yil. Poytaxtdagi «EVRO CONSULT CENTER» konsalting firma rahbari Tursunov Sanjarbek Yo‘ldoshaliyevich Qashqadaryo viloyati fuqarosi Nazarov Bunyod To‘lqinovich bilan birgalikda O‘zbekiston fuqarolarini xorijga jo‘natish bo‘yicha rasmiylashtirish ishlari bilan shug‘ullanishardi. Viza hujjatlarini rasmiylashtirish uchun jinoyatchilar 3-4 ming AQSh dollari olishgan. Bunda ko‘p holatlarda "mijozlarga" soxta ish shartnomalari taqdim qilingan, olingan pullar esa qaytarilmagan. 

Mijozlardan biri Rahmonov Samariddin Shamshiyevich 2014 yilning iyul oyida S.Tursunov va B.Nazarov "boshchiligida" Polsha elchixonasida Shengen vizasini rasmiylashtirib, pul topish uchun mamlakatni tark etadi. «EVRO CONSULT CENTER» kompaniyasida o‘zbekistonlik yangi mehmonni aeroportda kutib olishlari va mo‘may daromad keltiruvchi yaxshi ishga joylab qo‘yishlari va'da qilingan. Polshaga yuborish va u yerda ish topish xizmatlari uchun Samariddin ularga 4 ming AQSh dollari miqdorida pul bergan. 

Biroq yuqorida nomi qayd etilgan firma vakillarining ishontirishlariga qaramay, Varshavada Samariddinni hech kim kutib olmagan, ishga ham joylashtirmagan. Shundan so‘ng u firma rahbarlari tavsiyalari bilan Shvetsiyaga boradi, u yerda Samariddinni 30-35 yoshlardagi toshkentlik Davron ismli kishi qarshi oladi. Davron S. Rahmonovga kerakli hujjatlarsiz ish topa olmasligini aytadi va siyosiy qochoq maqomini olish uchun mahalliy hukumatga murojaat qilishni taklif qiladi. 

S.Rahmonov bu taklifni rad etib, Polshaga qaytadi va u yerda o‘zbek diplomatik vakilligiga murojaat qiladi, keyin aviachipta xarid qilib, 2015 yilning sentabrida O‘zbekistonga qaytadi. 

Undan tashqari yana ko‘p kishilar tovlamachilik qurboniga aylanishdi, ular vatanga qaytgach, huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishdi. 

Shuningdek «EVRO CONSULT CENTER» firmasi rahbari S.Tursunov Mehnat vazirligining ba'zi xodimlari bilan jinoiy bitim tuzib, Koreya Respublikasida ishlashga ketish dasturida ishtirok etish uchun soxta jyetonlar tarqatish bilan ham shug‘ullanganligi aniqlandi. 

Joriy yilning mart oyida transport prokuraturasida 168-moddaning 3-qismi "Tovlamachilik" hamda 211-modda "Pora berish" bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bugungi kunga kelib, jinoiy ish materiallari prokuratura tomonidan tergovga topshirilgan. Tezkor tergov choralari davomida S.Tursunov tomonidan 77 nafar kishining aldanganligi aniqlangan. 

Shu bilan birga S.Tursunov 76 nafar fuqaroga AQShga chiqishda yordam ko‘rsatmoqchi bo‘lganligi ham ma'lum bo‘ldi. 

Bundan tashqari, S.Tursunov va shikoyatchilardan olingan ko‘rsatmalarga asoslanib, jinoiy guruhning yana bir ishtirokchisi - Toshkent davlat texnika universitetining 2-kurs talabasi Isayev Zabixilla Xabibullayevich javobgarlikka tortildi. U mijozlar izlash bilan shug‘ullangan va vositachilik xizmatlari uchun 400-500 AQSh dollari olgan. 

Tergov natijasida jinoyatchining respublika hududlarida mijoz izlash va ish beruvchi kabi muayyan vazifalarini bajargan boshqa hamtovoqlari - fuqarolar Dilmurodov F.D., Azizov T.A., Maxamanov Sh.Ya., Halilov R.X.larning shaxsi aniqlangan. 

Bahodir Davlatov