Sport | 15:23 / 16.08.2016
22013
3 daqiqa o‘qiladi

Yig‘latding Ruslan, yig‘latding...

Ruslan rekordni yangilagach, aziz va qadrdon yurt bayrog‘ini ko‘ksiga bosib yig‘laganida chiday olmay qoldik. Mijjalar ko‘z yoshga, achchiq emas, balki madhiyamiz sadosidan hapqirib, ich-ichingdan keladigan g‘urur yoshlariga to‘lgan subhidam bu...  

Tongning hayrlisi mana shunday keladi...  Ajoyib kuning avvalidayoq jahonni narigi burchagida norg‘ul o‘zbek yigiti butun olamni lol qoldirib turgan bo‘lsa...

Hali, yurtim insonlari Hasanboyning muvaffaqiyatidan sarmast yurgan bir vaqtda yana bir atletimiz kayfiyatni samolarga parvoz qildirdi.

Subhga yaqin Ruslan ishtirokidagi musobaqalarni oynai jahon orqali olib berishni boshlashi bilan pahlavonimizni yutishiga bo‘lgan ishonchni yurakdan seza boshladik.  Chunki, andijonlik yigit jonsiz, lekin qaysar toshni bo‘ysundirish uchun boshqacha xotirjamlik bilan chiqardi. Raqiblar ham chakki emas ekan. Arman, eron va qozoq polvonlarining Nuruddinovga qilgan kuchli bosimini sezmasligini iloji yo‘q edi. Biz esa yosh bo‘lsada, tajriba va saviya bobida Ruslanning ular orasida yagona ekanligini ilk lahzalardayoq bilib bo‘lgandik. Men atletimizdan ikki-uch marta telefon orqali intervyu olganman. Kaminani har safar hayratga solgani undagi kamtarlik edi. Ha, bejiz ulug‘larimiz - “Kamtarga kamol” demaganlar. 

Mana shunday onda ko‘zga yosh kelishi esa tabiiy edi.  Qadriyatlarimizni olamga yoyishni Ruslandan o‘rganish kerakdek... Har bir chiqishidan keyin tomoshabinga qo‘li ko‘ksida o‘zbekona ta'zim va lutf qilardi, o‘g‘lonimiz. U oxirgi marta chiqish qilganida hammasi hal bo‘lgan, Ruslan chempion edi.

Asli erkak kishining ko‘ziga yosh kelishi va hapqirib kelgan yig‘ini aytishi ma'qul emasdek... Lekin, men mana shunday yuraklarni ezib, O‘zbekistonim g‘ururi uchun bo‘g‘zimga bir narsa tiqilgancha hapqirtiradigan onlarni ko‘p bo‘lishini hohlardim.  

Andijonlik shoir do‘stimiz Ravshan Hamroz erta tong Ruslanga atab she'r bitibdi:

 

Pahlavon Mahmudlar qo‘llagay mudom,

Vatan sha'ni uchun kim ko‘tarsa tosh.

Bu kabi yutuqlar bo‘lsin bardavom,

Olimpiya rekordin o‘rnatding, yurtdosh!

 

O‘zbekiston ahli shoddir yutuqdan,

Butun jahon senga berib qo‘ydi tan.

Istiqlol to‘yiga eng zo‘r to‘yona,

Bo‘ldi ushbu yutuq yashavor, Ruslan!

Elmurod ERMATOV, Andijon