O‘zbekiston | 19:24 / 18.08.2016
19169
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda obodonlashtirish va tozalik oyligi o‘tkazilmoqda

Eng ulug‘, eng aziz bayram – Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligi shodiyonalari tobora yaqinlashmoqda. Mamlakatimizning barcha hududlarida ushbu qutlug‘ ayyomni munosib kutib olishga qizg‘in taraddud ko‘rilmoqda. 

Shahar va qishloqlarda, mahallalar va mehnat jamoalarida tevarak-atrofni tartibga keltirish, obodonlashtirish, ariq-zovurlar, xiyobonlarni tozalash ishlari amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 10 avgustda qabul qilingan farmoyishi bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda

Obodonlashtirish va tozalik oyligi tadbirlari poytaxtimizda ham uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda. «Mahalla» xayriya jamoat fondining Toshkent shahar bo‘limidan ma'lum qilishlaricha, obodonlashtirish ishlari jarayonida mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli uylar, hovlilar, bog‘ va sayilgohlarni tartibga keltirish, chiqindilarni belgilangan joyga chiqarib tashlash, ko‘chalarni ta'mirlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. 

Poytaxtimizning Shayxontohur tumanida mahallalar hududidan o‘tadigan yuzga yaqin ko‘cha ta'mirlanib, namunaviy ko‘chaga aylantirilmoqda. 

– Mahallamiz hududidan o‘n uchta ko‘cha o‘tadi, – deydi Shayxontohur tumani “Labzak” mahalla fuqarolar yig‘ini mas'ul kotibi Hafiza Sobirjonova. – Ushbu yo‘llarni ta'mirlash va tevarak-atrofini obodonlashtirish ishlarida aholi faol ishtirok etmoqda. Bugungi kungacha yo‘llarning qariyb yarmi ta'mirlandi va ko‘chalar namunaviy holatga keltirildi. 

Keyingi yillarda mahallalarda yana bir zamonaviy infratuzilma – bolalar o‘yin maydonchalari ham ko‘paymoqda. Bunday maskanlar nafaqat bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, balki salomatligini mustahkamlash, ularni jismonan chiniqtirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Har bir maydonchada o‘nga yaqin o‘yin qurilmasi o‘rnatilgan. Bunday maskanlarning texnik holati, tozaligi mahalla tomonidan doimiy nazorat qilinadi. Yaroqsiz holga kelgan o‘yin qurilmalari yangilanib, takomillashtirilib borilmoqda. 

Ko‘p qavatli uylarni ta'mirlash, ko‘chalarni yoritish tizimini modernizatsiyalash, chiqindi yig‘iladigan maydonchalarning moddiy-texnik holatini yaxshilash ishlari davom etmoqda. Bu jarayonda mahallalarning uy-joy mulkdorlari shirkatlari, “Maxsustrans” korxonasi, Obodonlashtirish boshqarmasi bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygani yaxshi samara bermoqda. 

– Toza-ozoda, obod joyda fayzu baraka bo‘ladi, – deydi Shayxontohur tumani “Oqilon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Alisher Ahmedov. – Shuning uchun yurtimizda katta shodiyonalar, bayramlar oldidan umumxalq hasharlari uyushtirilib, xonadonlar, mahalla, ko‘cha va xiyobonlar, guzarlar, muqaddas qadamjolarni yanada obod qilish yaxshi an'anaga aylangan. Xalqimizga xos bunday xayrli ishlarda pok niyatlarimiz, ezgu orzu-maqsadlarimiz o‘z ifodasini topmoqda. Mustaqillik bayrami arafasida obodonlashtirish va tozalik oyligi o‘tkazilishi ham eng ulug‘, eng aziz ayyomni yurtimizning har bir go‘shasida munosib nishonlashga xizmat qilmoqda. 

Shu kunlarda obodonlashtirish va tozalik oyligini, 20-21 avgustda o‘tadigan umumxalq xayriya hasharini yuqori saviyada, keng aholi ishtirokida o‘tkazishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu jarayondagi ishlarni izchillik bilan tashkil etish maqsadida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huzurida ishchi guruhlar shakllantirildi. Tozalik va obodonlashtirish ishlarida faol qatnashganlarni munosib rag‘batlantirish maqsadida xonadonlar, ko‘chalar, mahallalar, obodonlashtirish ishlariga munosib ulush qo‘shayotgan homiy tashkilotlar va tadbirkorlar o‘rtasida tanlovlar e'lon qilindi. 

Mavzuga oid