O‘zbekiston | 15:02 / 29.08.2016
301246
2 daqiqa o‘qiladi

Lola Karimova-Tillayeva prezidentning ahvoli haqida ma'lumot berdi

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning ikkinchi qizi, “Sen yolg‘iz emassan” xayriya jamg‘armasi raisi, O‘zbekistonning YuNeSKOdagi doimiy vakili Lola Karimova-Tillayeva ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida o‘z otasining ahvoli haqida xabar berib, prezidentning holati ayni vaqtda barqaror ekanini bildirgan.

"Turli xil gap-so‘zlarning oldini olish maqsadida bizning oilada o‘tgan haftaning oxirida sodir bo‘lgan qayg‘uli voqea haqida ushbu sahifam orqali sizga ma'lumot bermoqchiman.

Shanba kuni adamlar miyaga qon quyilish tashxisi bilan shifoxonaga olib kelindilar. Hozir ular reanimatsiya bo‘limida tibbiy muolajalar olmoqdalar. Hozirgi paytda holatlari shifokorlar tomonidan barqaror deb baholanmoqda. Ayni paytda kelgusidagi sog‘liqlari borasida qandaydir taxminlar qilishga erta.

Men sizlardan turli xil gap-so‘zlardan yiroq bo‘lib, oilamizning shaxsiy hayotiga xurmat bilan munosabatda bo‘lishingizni iltimos qilaman.

Ushbu damlarda otamni o‘z duolari bilan qo‘llab-quvvatlovchi barcha insonlarga o‘zimning cheksiz minnatdorchiligimni izhor etaman", deyilgan feysbukdagi postda.

Postga quyidagi fotosurat ilova qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 28 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning statsionar davolanishda ekanini ma'lum qildi.

“Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, to‘liq tibbiy ko‘rik talab etiladi”, deyilgan xabarda.

Mavzuga oid