O‘zbekiston | 09:59 / 04.09.2016
15630
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy O‘zbekiston I.Karimovning boshlagan ishini davom ettirishiga ishonchi komil ekanligini bildirdi

Foto: RIA

2 sentabr juma kuni 78 yoshida hayotdan ko‘z yumgan yurtboshimiz Islom Karimov 3 sentabr kuni Samaraqand shahrida dafn etildi. Dafn marosimda Xitoy Xalq Respublikasi nomidan Davlat  kengashi rahbarining o‘rinbosari Chjan Gaoli ishtirok etdi.

"Xitoy O‘zbekiston xalqi Karimovning tashabbusi bilan boshlangan ishlarni davom ettirishi va rivojlantirishi, davlat qurilishi hamda taraqqiyot yo‘lida yangi muvaffaqiyatlarga erishishiga ishonchi komil", - dedi Chjan Gaoli.

Dafn marosimidan keyin Chjan Gaoli O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi, unda tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning rivoji haqida suhbatlashishdi.

Uchrashuvda Davlat kengashi rahbarining o‘rinbosari Xitoy O‘zbekiston bilan birga avval imzolangan kelishuvlarni amalga oshirish, yangi Ipak yo‘li rivojiga hissa qo‘shish, savdo-iqtisodiy, energetika, transport, xavfsizlik sohalari va ishlab chiqarishni rivojlantirishni ikki mamlakat munosabatlarining ustuvor yo‘nalishlariga aylantirish niyatida ekanligini ma'lum qildi.

O‘z navbatida Shavkat Mirziyoyev Chjan Gaoliga Islom Karimovning dafn marosimidagi ishtiroki uchun minnatdorchilik bildirdi. U O‘zbekiston Xitoy bilan munosabatlariga katta ahamiyat berishi hamda ikki mamlakat yetakchilari tomonidan avval erishilgan konsensus asosida barcha sohalarda o‘zaro hamkorlik qilish niyatida ekanligini aytdi.

 

Mavzuga oid