Light | 19:03 / 05.09.2016
15356
3 daqiqa o‘qiladi

62 yil birga yashagan juftlik bir-biridan ayrilishga majbur bo‘ldi

Hayotining aksariyat qismini birga o‘tkazgan juftlikni bir-biridan ayirishdi, ular ehtimol o‘zlarining so‘nggi kunlarini boshqa-boshqa yerlarda o‘tkazishiga to‘g‘ri kelmoqda, chunki ularni bitta qariyalar uyiga joylashtirishning iloji bo‘lmagan. 

83 yoshli Volf Gottshalk va uning turmush o‘rtog‘i 81 yoshli Anita Dyusseldorfda (Germaniya) qo‘shni uylarda yashagan davrlarida tanishib qolishgan va bir-birlariga ko‘ngil qo‘yishgan. Ular 1954 yilda turmush qurishgan va bir necha oydan so‘ng farovon hayot ilinjida Kanadaning Surrey shahriga ko‘chib o‘tishgan. Volf va Anita uch farzandli bo‘lishdi - bir o‘g‘il va ikki qiz, yangi joyda ular baxtli hayot kechirishdi. Juftlik hayotida nima bo‘lishidan qat'i nazar doimo birga bo‘lgan.

62 yil birga yashagan juftlik mana 8 oydirki, alohida yashashga majbur bo‘lmoqda, chunki qariyalar uyida oilaviy juftlikka joy yo‘q. Boz ustiga ikkisining ham salomatligi yomonlashib bormoqda. 

Ularning evarasi Eshli ko‘zida yosh bilan diydorlashib o‘tirgan Volf va Anitaning suratini Facebook tarmog‘iga joylashtirib, butun umr ahil yashab kelgan buvisi va bobosining qayg‘usi bilan bo‘lishgan. 

Eshlining so‘zlariga qaraganda, Anita yanvar oyigacha eriga g‘amxo‘rlik qilgan, ammo keyinchalik shifokorlar Volfning ahvoli og‘irlashgani sababli unga professional ko‘mak lozimligini aytishgan - u rivojlanayotgan dementsiya, limfoma va yurak yetishmovchiligidan aziyat chekadi. 

Oila a'zolari juftlikning ko‘rishishi uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilishmoqda - ular Anita va Volfni ko‘rishtirish uchun bir yarim soat yo‘lni bosib o‘tishadi. 

Ko‘ngilni o‘rtovchi surat - Volf Anitani kutib, oynadan termulib o‘tiribdi. 

Bunday vaziyat Anitaning sog‘lig‘iga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. 

"Ular birga ovqatlana olishmaydi. Har safar uchrashishganda ko‘zlariga yosh keladi va bu har qanday yurakni tilka-pora qiladi", - deb yozgan Eshli. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bobosi buvisi yashaydigan qariyalar uyiga ko‘chish uchun navbatda turgan bo‘lsa-da, shu vaqt davomida ularga biror marta ularga qo‘ng‘iroq qilishmagan.

Ushbu hikoya internet tarmoqlari bo‘ylab tarqalganidan keyin ularga qo‘ng‘iroq qilishgan va bu masalani unutishmagani, biroq uni hal qilishga qancha vaqt ketishi noma'lum ekanligini aytishgan. 

Baxtli Volf va Anita ayriliqqa qadar.

 

Mavzuga oid