O‘zbekiston | 14:29 / 07.09.2016
35073
12 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimov juda ochiq, sof ko‘ngil va dono odam edi. O‘zbekiston buyuk odamini yo‘qotdi

28 avgust yakshanba ishda edim. Taxminan 16.00 larda internetga kirdim. O‘zAda Respublika Vazirlar Mahkamasining axborotini o‘qib, g‘alati bo‘lib ketdim. O‘zimni bosib olishga, bu axborotni odatiy bir xabar sifatida qabul qilishga harakat qildim. Ammo bo‘lmadi. Kechga tomon uyga qaytdim. Qo‘ni-qo‘shnilar ham, uydagilar ham axborotdan bexabar ekan, ularga indamadim.

Hammasi dushanbadan boshlandi. Ishda hamkasblarimiz bu axborotga ishonishni ham ishonmaslikni ham bilishmasdi. Prezidentimizga sog‘liq-salomatlik tilay boshladik. Kechqurun uyda ham shu kayfiyat. Davlatimiz rahbarining shifoxonaga yotqizilganiga ishongimiz kelmasdi. Namoz o‘qimaydigan turmush o‘rtog‘im ham joynamozni olib namoz o‘qishga tushdi. Oilamizdagilarning hammasi Prezidentimizning tezroq tuzalib ketishini tilab, duo qila boshladi. Ochig‘ini aytish kerak, Islom Karimov oilamizning tom ma'nodagi a'zosi edi. Jurnalist bo‘lganim uchun 19.30 va 21.00dagi “Axborot”ni ko‘rishni burchim deb bilaman. Oilamiz a'zolari Islom Karimov bilan bog‘liq rasmiy axborotga befarq emasdi. Yana shuni aytishim kerakki, 1994 yil may oyi bo‘lsa kerak, Koreya Respublikasi prezidenti Kim Yon Sam rafiqasi bilan Toshkentga kelgan edi. Ularni kutib olish uchun 4 yoshli qizim Nodiraxonni olib aeroportga chiqqan edim. O‘shanda prezident Islom Karimov qizimni ko‘targan va bu kadr “Axborot” orqali namoyish etilgan edi. Ertasi kuni ishxonada (2-ToshMida Yoshlar Ittifoqida ishlardim va tarixdan dars berardim) ancha shov-shuv bo‘lgan va menga ko‘pchilik havas bilan qaragan edi. Shu-shu oilamizda Islom Karimovga nisbatan mehr uyg‘ongan bo‘lib oilamizning a'zosi sifatida ko‘rib kelamiz. Respublikamizda biz kabi oilalar ko‘p deb o‘ylayman. Uyimiz huvillab qolgandek bo‘ldi.

Islom Karimovni ilk bor yaqindan ko‘rish 1989 yilda “Xalqlar do‘stligi”(hozirgi “Istiqlol”) saroyida Toshkent shahri jamoatchiligi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda nasib etgan edi. O‘shanda Islom Karimov “biz bir musht bo‘lib birlashsak, bizni hech kim yenga olmaydi” degani hamon yodimda. Keyinchalik parlament sessiyalarida ko‘rish sharafiga muyassar bo‘ldim. Bundan men faxrlanaman. Umuman olganda Islom Karimov bilan zamondosh bo‘lishning o‘zi bir baxt degan bo‘lardim.

2 sentabr kuni “Axborot”ning maxsus sonida Oliy Majlis va Vazirlar Mahkamasining axborotini eshitib, tuni bilan uxlamadim. Ko‘nglim kemtik bo‘lib qolgandek bo‘ldi. Amerikadan Furqatbek ismli qadrdonim qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Salkam yarim soat suhbatlashdik. Islom Karimov va uning O‘zbekiston tarixida qoldirgan boy merosi haqida fikr almashdik. Dunyoning narigi burchagida bo‘lsa ham Furqat akaning ovozida mung bor edi.

Bir necha bor Islom Karimov bilan suhbatlashish baxtiga muyassar bo‘lgani bois ham Furqat aka prezidentimiz haqida iliq fikrlarni bildirar ekan, “rahmatli jurnalistlarni yaxshi ko‘rardi”, dedi. O‘zaro suhbatda yana bir gap aytildi. Endi Islom Karimov tomonidan aytilgan gaplar quloqlarimiz ostida boshqacha jaranglaydi. To‘g‘rirog‘i hikmatlarga aylanadi. Furqat akaning o‘zbeklar ma'naviyatli va madaniyatli xalq ekani borasidagi fikrlariga to‘la qo‘shildim. Buni 3 sentabr voqealari to‘la isbotladi. Mamlakatimizning birinchi prezidentini so‘nggi yo‘lga kuzatish uchun ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar topgan toshkentliklar erta tongdayoq ko‘chalarga chiqdi. Ularning hammasining ko‘zida yosh bor edi. Ularni hech kim ko‘chaga chiqishga majburlagani yo‘q. (Ayrim xorijiy radiolarda bundan ham kir qidirishdi). Shanba kuni mamlakatimizning barcha masjidlarida janoza namozlari o‘qildi. Bu haqida bir-birlaridan xabar topgan namozxonlar o‘z xohishlari bilan masjidlarga kelishdi. Shanba kuni peshindagi namozda juma namozidagi, hatto undan ko‘p namozxon ishtirok etdi. Mana shularning o‘ziyoq xalqimizning Islom Karimovga bo‘lgan hurmat-ehtiromi ifodasidir.

Televideniye orqali vidolashuv jarayonlari namoyish etildi. Xorijiy delegatsiyalar rahbarlarining gaplari ko‘nglimizga taskin berdi. Qirg‘izistonga amalga oshirishi kerak bo‘lgan safarini keyinga qoldirib, Samarqandga kelgan Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov o‘z mamlakatining ko‘cha va xiyobonlariga Islom Karimov nomi berilishini aytdi. Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon esa Islom Karimovning oqilona siyosati haqida gapirdi. «Tojikistonda qardosh o‘zbek xalqining ulkan yo‘qotishi - hurmatli Islom Abdug‘aniyevich Karimovning vafoti haqidagi xabar chuqur qayg‘u bilan kutib olindi», — deya qayd etdi. «Islom Abdug‘aniyevich O‘zbekiston tarixiga yetakchi davlat arbobi sifatida kirdi, u mustaqillikka erishgan mamlakatning taraqqiyoti davri mazmun-mohiyatini belgilab berdi. Donishmandligi va uzoqni ko‘ra bilishi bilan u mamlakat tashqarisida ham keng miqyosli siyosatchi sifatida obro‘-e'tiborga ega bo‘lgandi. Uning yorqin xotirasi hamisha qalbimizda bo‘ladi», dedi Emomali Rahmon.

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani o‘z so‘zida Islom Karimov jahon miqyosidagi yetuk arbob ekanligini ta'kidladi. U Islom Karimov og‘ir sharoitda xalqining xizmatida bo‘lgani, mamlakat rivoji uchun tinmay ishlaganini ta'kidladi.

Dunyo matbuoti, Rossiya telekanallari, hatto Yeuronews telekanali Islom Karimov vafoti va dafn marosimlarini birinchi xabar sifatida e'lon qila boshladi.

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Roza Otunbayeva mamlakatimizning birinchi prezidenti haqida fikr bildirar ekan, “Islom Karimov bugungi kunda mintaqamizdagi eng yetakchi liderlardan biri desak yanglishmagan bo‘lamiz. U ishonchli hamkor edi. O‘ylamasdan qadam bosmasdi. U bilan kelishish qiyin edi. Bitimga erishildimi, bu bitim, albatta, bajarilardi”, dedi u. “O‘z davlati mustaqilligining mustahkamlanishi yo‘lida, o‘z xalqi manfaatlari yo‘lida borini berdi”, deyar ekan Roza Otunboyeva Islom Karimov bilan ko‘p bor uchrashganini ta'kidlaydi. “2005 va 2010 yillarda Qirg‘iziston uchun murakkab bo‘lgan davrlarda prezident Karimovning qarori biz uchun juda muhim edi”, deya eslaydi va Islom Karimov to‘g‘ri qaror qabul qilganini tan oladi: “U Qirg‘iziston vaziyatdan chiqib ketishi uchun sharoit yaratib berdi, desam aslo yanglishmagan bo‘laman”.

“Men islomlashtirish yo‘lidan bormagan siyosatchi bo‘lgani uchun ham Karimovdan minnatdorman. U hamisha olg‘a intilardi. U jahon kezdi. Ko‘p narsa ko‘rdi, ammo muhim tajribani qabul qildi. U mamlakat uchun o‘zbek yo‘li bo‘lmish maxsus modelni tanladi. Uning fikricha, O‘zbekiston hech kimga bo‘ysunmaydigan mustaqil bo‘lishi kerak edi”. Otunboyevaning fikricha, O‘zbekistonning o‘z yo‘li bor. “Karimov o‘z atrofidagilarga boshqa siyosatchilar bilan qanday gaplashish kerakligidan saboq bergan. Biz qo‘l qovushtirib o‘tirmay faol ishlagan Islom Abdug‘aniyevichdan mag‘rurlanamiz. Biz mintaqamizda shunday lider bo‘lganidan faxrlanishimiz kerak”, deydi Roza Otunbayeva.

1991-1994 yillarda Belarus Oliy kengashining raisi bo‘lgan Stanislav Shushkevich “Karimov o‘ta bilimdon va O‘zbekistonga islohotlar va ezgulik tilagan odam bo‘lgan. Karimovning donoligi O‘zbekistonni saqlab qoldi va unga barqaror bo‘lishga imkon berdi”, deb aytdi. U Islom Karimovning shaxsiy sifatlarini eslab o‘tdi. “U bilan shaxsan menga suhbat qilish juda oson edi. Barcha uchrashuvlarimiz uning insoniyligini ko‘rsatgan. Misol uchun, men ertaga Toshkentga uchishim kerak, men unga qo‘ng‘iroq qilib, u bilan uchrashishim mumkinligini so‘rardim. U menga: “Albatta, o‘zingiz bilan birga rafiqangizni olib keling. U Toshkentning qandayligini bir ko‘rsin”, deb javob berardi. “MDH davlatining biror boshqa rahbari hech qachon bunday samimiy taklif bildirolmasdi”, deb ta'kidlab o‘tdi Shushkevich. “Karimov juda ochiq, sof ko‘ngil va dono odam edi. Ko‘p shiorlar aytish, lekin juda kam ish qilish mumkin. U shiorlar borasida bosiq edi. O‘zbekiston buyuk odamini yo‘qotdi. Men uning yaqinlariga hamdardlik bildirib qolaman”, dedi siyosatchi.

O‘zbekiston dunyoning rivojlangan mamlakatlaridan biriga aylanishida, jahon maydonida Toshkentning o‘z aytar so‘zi bo‘lishida Islom Karimovning mehnatlari turganiga aslo shubha yo‘q. 1993 yilda sobiq sovet respublikalari Ittifoqdan qolgan merosini bo‘lishib olayotgan bir vaqtda O‘zbekiston Janubiy Koreya avtomobilsozlari bilan zavod qurish haqida bitimga erishdi. 1996 yilda Asakadagi zavoddan birinchi o‘zbek avtomobili chiqdi. Natijada, boshqa respublikalarga qaraganda O‘zbekiston iqtisodi pasayish o‘rniga ko‘tarildi. Xorijiy investitsiyalar asosan sanoatga yo‘naltirildi. Respublikada jahon sanoatining bayroqdorlari bo‘lmish GM, Texaco, MAN, Isuzu, Mitsubishi, LG, Samsung, CNJPC faoliyat yurita boshladi. 2007 yilda Ispaniya kompaniyasi Chirchiqdagi ximiya zavodini ishga tushirdi. Yaponlar esa Samarqandda avtomobil zavodini qurdi. 2011 yilda Koreya konsernlari Ustyurtda yirik gaz-ximiya majmuasini qura boshladi. Bu majmua 2016 yilda ishga tushdi. Ayniqsa, elektrlashtirilgan Angren—Pop temir yo‘lining ishga tushirilishi O‘zbekiston uchun katta ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistonda iqtisodiy mustaqil bo‘lish uchun ko‘p ishlar qilindi.

Islom Karimovning vafoti munosabati bilan xorijlik siyosatchilarning fikrlarini o‘rganishga to‘g‘ri keldi. Ularning hammasi bir ovozdan Islom Karimov davrimizning yirik siyosatchisi ekanligini tan olishgan. Ularning fikrlariga izohning hojati yo‘q, deb o‘ylaymiz. Xulosa o‘rnida aytish kerakki, Islom Karimov siymosida nafaqat o‘zbek xalqi, balki xalqaro hamjamiyat Sharl de Goll, Nelson Mandela, Mahatma Gandi, F.Ruzveltning saflariga qo‘shish mumkin bo‘lgan buyuk siyosatchidan ayrildi.

Sharofiddin To‘laganov

Mavzuga oid