Jamiyat | 15:50 / 21.09.2016
22389
2 daqiqa o‘qiladi

Oq uy: Gumanitar karvonga kim zarba berganidan qat'i nazar Rossiya aybdor

Oq uy ma'muriyatining fikricha, Suriyaning Halab shahriga olib borilayotgan insonparvarlik yuklariga faqatgina ikki tomon zarba berishi mumkin edi: Rossiya yoki «Suriya tuzumi», deb xabar qilmoqda CNN telekanali. Bunda, Vashingtonda uqdirishlaricha, hujum qilgan samolyotlar Moskva yoki Damashqqa qarashli bo‘lishidan qat'i nazar, mazkur hujum uchun Rossiya hukumati javobgardir. Rossiya mudofaa vazirligi esa, gumanitar avtokarvonga terrorchilar hujumni amalga oshirgani haqida bayonot berdi. 

Qo‘shma shtatlarning «dastlabki xulosasi»ga ko‘ra, insonparvarlik avtokarvoni va Suriya Arab Qizil Yarimoy jamiyati omborxonasi Rossiya jangovar samolyotlari tomonidan bombardimon qilingan, deya xabar qilgan CNN telekanali AQShning ikki nafar ismi oshkor qilinmagan yuqori lavozimli mulozimiga asoslangan holda. 

«Ixtiyorimizdagi mavjud dalillar shunday deyishimizga asos bo‘ladi», – deb ta'kidlagan ulardan biri. 

Biroq, Oq uy ma'muriyati hozircha quyidagicha qarashni ilgari surayapti: Rossiya, samolyotlar Moskva yoki Suriya tuzumiga tegishli bo‘lishidan qat'iy nazar, ushbu hujum  uchun javobgardir.

Rossiya mudofaa vazirligi rasmiy vakili Igor Konashenkovning bayonotiga ko‘ra, ushbu hududda bo‘lgan dron yordamida olingan videolavhalar tahlili shuni ko‘rsatganki, avtokarvonni jangarilar ta'qib qilgan. 

«Videoda avtokarvonni ta'qib qilgan terrorchilar katta kalibrli minomyot yetaklagan pikapni yo‘llayotganini ko‘rish mumkin», – deya Konashenkov so‘zlarini keltiradi CNN telekanali. 
 

Mavzuga oid