O‘zbekiston | 15:16 / 23.09.2016
12248
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi barcha siyosiy partiyalarga prezidentlik saylovda ishtirok etishga ijozat berildi

Joriy yilning 23 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Komissiya raisi M. Abdusalomov boshqardi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi xabar bermoqda.

Majlisda siyosiy partiyalar vakillari, ommaviy axborot vositalarining xodimlari ishtirok etdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 241–moddasi va “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasiga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi 2016 yilgi prezidentlik saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiyalarning taqdim etilgan arizalari va boshqa hujjatlarini ko‘rib chiqib, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasiga saylovda ishtirok etishga ijozat berish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 

Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga ro‘yxatga olinganlik guvohnomalarini va belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalarini berdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarini tuzish va ularning shaxsiy tarkibini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi. 

Komissiya a'zolari saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.

Barcha muhokama qilingan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Mavzuga oid