Jamiyat | 23:30 / 29.09.2016
7215
3 daqiqa o‘qiladi

Shol kasalligiga chalingan kishi haydovchilik guvohnomasini qo‘lga kiritdi

Sem Shmidt — IndyCar'ning sobiq poygachisi va Schmidt Peterson Motorsports jamoasi hammuassislaridan biri. U shol kasalligiga yo‘liqqan bo‘lsa-da, eng so‘nggi qurilmalar tufayli yana avtomobilni boshqara oladi. Bu haqida "Hi-News" nashri ma'lum qildi. 

Bir necha oy avval nogironlar aravachasida harakatlanuvchi Sem Shmidt nomli haydovchi yarimavtonom SAM avtomobilida poyga treki bo‘ylab harakatlanib, Indy 500 tadbirida ishtirok etdi. Mashina Arrow Electronics kompaniyasida Sem uchun maxsus yaratilgan, shu bois unga haydovchi nomi berilgan. 

Yaqinda ushbu kompaniya vakillari Nevada shtati ma'muriyatidan sholga chalingan Sem Shmidtga haydovchilik guvohnomasi berilishiga ruxsat olishning uddasidan chiqishdi. Hujjat Semning yarimavtonom avtomobilni nafaqat maxsus poyga trassalarida, balki shaharning ba'zi ko‘chalarida ham oldindan kelishilgan muayyan shartlarga rioya qilgan holda boshqara olishini tasdiqlaydi.  

Arrow Electronics 2014 yildayoq Sem uchun avtomobil ishlab chiqargan, bir yil o‘tib esa shol haydovchi uchun yo‘l harakati qoidalarini belgilagan. Semning mashinasi to‘liq avtonom hisoblanmaydi, u Corvette Z06 ulovini boshqarishi uchun ovoz, bosh harakatlari va nafasdan foydalanadi - u shu tariqa rulni boshqaradi, tezlikni oshiradi (yoki aksincha) va mashinani to‘xtatadi. 

Shunga qaramay, Nevada shtati qonunlariga muvofiq, Shmidtning mashinasi avtonom hisoblanadi, chunki avtomobil to‘liq haydovchi nazorati ostida emas, shu bois uning oddiy ko‘chalarda harakatlanishi uchun qonunchilikka biroz o‘zgarishlar kiritish talab qilindi. Sem yangi haydovchilik guvohnomasini qo‘lga kiritganini o‘ziga xos tarzda nishonladi - u shahar ko‘chalarida harakatlanib, poyga trassasini bir necha marotaba aylanib chiqdi.

"Arrow electronics kompaniyasi yarimavtonom avtomobil yaratib, jismoniy kamchiliklari bo‘lgan kishilarga zamonaviy texnologiyalar yordamida mashina boshqarish imkonini yaratdi. Biz Arrow bilan hamkorligimiz Semga o‘z avtomobilida qonuniy va xavfsiz harakatlanish imkonini berganidan faxrlanamiz. O‘tkazilgan sinovlar tufayli Arrow o‘z ishlanmalarini yanada yaxshilaydi va bir kuni ularni nogironlarni yuqori mobillik bilan ta'minlovchi ommaviy mahsulotga aylantiradi", - deya o‘z taassurotlari bilan bo‘lishdi Nevada shtatidagi avtodepartament xodimi Jad Harin.

Imkoniyati cheklangan ko‘plab kishilar uchun yarimavtonom mashinalar va avtopilotli transport vositalari ayni muddaodir. Sem Shmidtning haydovchilik guvohnomasini qo‘lga kiritgani bunga yaqqol namuna bo‘la oladi. 

 

Mavzuga oid