Jahon | 23:52 / 06.10.2016
15018
2 daqiqa o‘qiladi

Eron generali Saudiya Arabistonida to‘ntaruv bo‘lishi mumkinligini aytdi

Foto: regnum.ru

Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi tarkibiga kiruvchi "Quddus" maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni, general Qosim Sulaymoniy Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi hokimiyatni qo‘lga olish uchun o‘z otasini o‘ldirishi mumkinligini aytdi. Bu haqda The Independent nashri xabar bermoqda. 

Sulaymoniy Suriyadagi janglarda halok bo‘lgan eronlik generallardan birining motam marosimidagi nutqida suriyalik yuqori lavozimdagi amaldorlarning Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon bilan uchrashgani haqida gapirib bergan.

Sulaymoniyning aytishicha, tomonlar muloqotida rossiyalik harbiylar ham ishtirok etgan. Saudiyalik shahzoda suriyaliklarga agar ular Eron bilan aloqani uzsalar, urush yakunlanishiga va'da bergan.

Generalning fikricha, saudiyalik shahzoda toqatsizligi bilan ajralib turadi va Saudiya Arabistonida hokimiyatni qo‘lga olish uchun otasini ham o‘ldirishga tayyor.

Eron va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlar 2016 yil boshida shia imomi Nimr al-Nimrning Saudiya Arabistoni tomonidan qatl etilishidan keyin keskin yomonlashgan.

 

Mavzuga oid