Light | 18:46 / 07.10.2016
67553
9 daqiqa o‘qiladi

Bir ayol qissasi: “Erimning miyasi o‘lgan edi, tani chalajon edi, biz esa duo qilardik...”

Bir ayol 1415 (hijriy) yil erida sodir bo‘lgan qissani hikoya qiladi: Erim yosh, hayotga qiziqishi kuchli, harakatchan hamda nihoyatda kelishgan, chiroyli yigit edi. Dindor va chiroyli xulq egasi bo‘lib, ota-onasiga ko‘p yaxshilik qilguvchi insonlardan edi. Hijriy 1390 yil turmush qurdik. U bilan birga boshqa Saudiyadagi oilalar singari otasining uyida yashar edik. Ota-onasiga qilgan yaxshiligini ko‘rib hayratga tushardim. Allohga men uchun ushbu erni nasib qilgani uchun hamd aytardim. Turmushimizga bir yil o‘tib qiz farzandlik bo‘ldik. Keyinroq erimning ishi mamlakat sharqidagi mintaqaga ko‘chdi. U bir hafta ishiga ketib, o‘sha yerda qolar va kelib uyimizda bir hafta bo‘lardi. Uch yil mana shunday o‘tgan, qizim to‘rt yoshga kirgan edi. 1395 yil ramazon oyining 9-kuni, uyimizga qaytayotib Riyozda mashinasi ag‘darilib ketib avtohalokatga uchradi.

Shu sabab kasalxonaga yotqizildi. U koma holatiga tushdi. Davolayotgan mutaxassis do‘xtirlar erimning miya faoliyati umuman to‘xtaganini va 95 foiz miya hujayralari talofatga uchraganini bildirishdi. Bu voqea bizga juda alamli bo‘ldi. Xususan, uning yoshi o‘tgan ota-onasiga qattiq ta'sir qildi. Otasini qattiq yaxshi ko‘radigan Asmo qizimizning savollari ichimni tirnardi. Dadasi unga yaxshi ko‘radigan o‘yinchog‘ini olib berishni va'da qilgandi. Biz har kuni navbatma-navbat erimning holini bilgani borib turardik. Lekin uning holati o‘zgarmas edi. Besh yil o‘tganda, ba'zi odamlar menga qozilikka borib, erimning miyasi o‘lganligi va u tirilishligiga umid yo‘qligini aytib qozidan taloq olishligimni maslahat berdi. Ba'zi shayxlar er kishining miyasi o‘lganligi aniq bo‘lgan tarzda ayol kishi taloq olishi mumkin, deb fatvo berdi. Biroq men bundan qat'iyyan bosh tortib, modomiki erimning jasadi yer ustida ekan taloq olmasligimni aytdim. Yoki boshqa o‘liklar singari dafn qilinsin yoki Alloh bir ishga boshlaguncha uni mendan ayirmasinlar dedim. Endi asosiy ahamiyatimni qizchamga qaratdim. Qizimni Qur'on yodlatish madrasasiga olib kirdim. U o‘n yoshga to‘lmasdan Qur'onni to‘liq yod oldi.

Keyinchalik qizimga otasiga nima bo‘lganini aytdim. U doim otasini yodga olar, gohida yig‘lar, gohida ichiga yutar edi. Qizim dinga ahamiyatli qiz bo‘lgandi. Hamma farz namozlirini o‘z vaqtida o‘qirdi, yetti yoshga kirmasdan turib kechaning oxirida turib ibodat qilardi. Rahmatli buvisi va bobolari bilan birgalikda menga uni chiroyli tarbiya qilishni muvaffaq qilgan Allohga hamdlar aytaman. Qizim men bilan birga vaqti-vaqti bilan dadasini ko‘rgani borar, ba'zida esa salom yo‘llar, shuningdek, dadasining nomidan sadaqalar qilar edi. 

1410 yil kunlaridan birida qizim menga karab: "Ey onajon, meni dadamning oldida qo‘yib keting, bu kecha dadamning yonida yotib qolay", – dedi. Bir oz ikkilanib turdim-da, keyin rozi bo‘ldim. Qizim so‘zlaydi: “Dadamni yoniga o‘tirib Baqara surasini o‘qiy boshladim. Uni o‘qib bitirdim. Keyin mudroq bosgandi, uxlab qoldim. Tursam, go‘yo yuzimni tabassum qoplaganday, qalbim esa orom olganday bo‘ldi. Shuning uchun o‘rnimdan turib, tahorat qildim va Alloh qodir qilguncha namoz o‘qidim. So‘ng namozgohimda ikkinchi marta mudroq bosdi. Lekin xuddi bir kishi menga: - Tur, qanday qilib Rahmon Zot uyg‘oq bo‘lsa, sen uxlaysan?! Alloh biron bandasini quruq qaytarmaydigan bu ijobat soatida qanday uxlaysan, deganday bo‘ldi. Xuddi bir yo‘qotgan narsamni eslaganday bo‘lib turdim. Qo‘limni ko‘tardim, dadamga qaradim, ko‘z yoshlarim to‘lib oqayotgan edi... va duo qildim: "Ey Robbim, Ey tiriklik va qayyumlik sifatiga ega Zot! Ey Jabbor! Ey Buyuk Zot! Ey hamma narsadan oliylikdagi Zot! Ey Rahmon! Ey Rahiym! Mana bu mening dadam – Sening bandalaringdan biridir, unga musibat yetdi, biz esa sabr qildik va Senga xamdlar aytdik. Sen bizga qazo qilgan hukmingga rozi bo‘ldik". "Ey Alloh, u Sening xohishing va rahmating ostidadir!" "Ey Alloh! Ey Ayyubga dardidan shifo bergan, Musoni onasiga qaytargan, Yunusga baliq qornida najot bergan va olovni Ibrohimga sovuq va salomatlik qilgan Zot! Dadamga tushgan darddan O‘zing shifo bergin!" "Ey Alloh, dadamni umid yo‘q holatda deyishdi. Ey Alloh, qudrat va buyuklik O‘zingdadir. Dadamga marhamat ayla, undagi dardni O‘zing ko‘tar!"

Keyin yana ko‘zlarimni uyqu bosib, bomdoddan ozgina oldin uxlab qoldim. Shu on birdan: "Ey qiz, sen kimsan, bu yerda nima qilayapsan", – degan ovoz keldi. Ovozni eshitib u yoq-bu yoqqa alangladim, lekin hech kimni ko‘rmasdim. Keyin ikkinchi marta takrorlandi. Qarasam, ovoz egasi dadam ekan. O‘zimni tutib tura olmasdan, xursandligimdan dadamni quchoqlab oldim. Dadam esa, meni o‘zidan uzoqlashtirib, «astag‘firulloh» dedi va: “Allohdan qo‘rq, sen menga halol emassan”, dedi. “Men qizingiz Asmoman”, dedim. Shunda dadam jim bo‘lib qoldi. Do‘xtirlarning oldiga chiqib buni aytdim. Ular dadamni ko‘rib hayratda qoldilar. Amerikalik doktor siniq arab tilida duduqlanib: “Subhanalloh!”, deya oldi xolos. Boshqa bir misrlik doktor: "Suyaklarga ular chirib ketgandan keyin jon kirgizadigan Alloh pokdir!" ma'nosidagi oyatga o‘xshash so‘zni aytdi. Dadam esa tushuntirib bermagunimizcha nima bo‘lganini bilmay turdi. Keyin yig‘lab: "Alloh O‘zi eng yaxshi saqlaguvchidir va u solih kishilarni do‘st tutadi" dedi. 

" Allohga qasamki, avariyadan oldin zuho namozini o‘qishlik uchun niyat qilganimni eslayman, xolos. Bilmadim, uni o‘qidimmi, yo‘qmi?!", dedi. Ayoli aytadi: "Abu Asmo uyimizga avval taniganimdek qaytib keldi. Hozir u 46 yoshga kirib qoldi. Bir o‘g‘il farzand ko‘rdik. Hozir ikki yoshga qadam bosyapti. Erimni menga 15 yil o‘tib qaytarib bergan, uning qizini salomat saqlagan hamda meni dunyodan unutilgan holatida ham erimga vafodor bo‘lishga va ixlos qilishga muvaffaq qilgan Alloh nihoyatda Pok Zotdir. Shuning uchun duoni tark qilmanglar, chunki duo qazoni qaytaradi. Hamda kim Allohni nazarida tutsa Alloh uni nazarida tutadi. Ota-onalarimizga yaxshilik qilishni unutmaylik. Bilaylik-ki, ishlarni yurgizish va ularni o‘lchovlab qo‘yish Allohninggina qo‘lidadir. Boshqa hech kimsa buni qila olmaydi". 

Bu qissamni men ibrat uchun aytib berdim. Shoyad Alloh uni dunyo yo‘llari torayib, musibatlari kattalashgan, oldida hamma eshiklari berkilib, najot yo‘llari kesilib qolgan kishilarga foydali qilsa. Duo bilan osmon eshigin qoqing va ijobat qilinishlikka aniq ishoning. Oxirgi so‘zimiz Olamlarning Robbisi Allohga hamd.
Oxirgi so‘zimiz Olamlarning Robbisi Allohga hamdlar bo‘lsin. Umid uzmang, faqat Allohga duo qiling”.

 

Mavzuga oid