Jamiyat | 15:45 / 25.10.2016
7118
6 daqiqa o‘qiladi

Fotojamlanma: Fransiya hukumati Kaledagi «Jungli»dan muhojirlarni ko‘chirmoqda

Foto: AP

Fransiyaning Kale shahri yaqinidagi noqonuniy muhojirlarning noqonuniy lageri dushanba kundan boshlab buzila boshlandi. Muhojirlar boshqa markazlarga jo‘natilmoqda. Noqonuniy lagerning buzilishi chegara munosabatlarini me'yorga soluvchi Fransiya-Buyuk Britaniya Bitimiga mos keladi.

Buyuk Britaniya parlamentining Vikilar palatasida chiqish qilgan Ichki ishlar vaziri Ember Radd shunday bayonot berdi: “Lagerning buzilishi nafaqat bizning huquq va majburiyatlarga, balki milliy manfaatlarimizga ham mos keladi. Chunki, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadan muhojirlarning kelishi Fransiyaning mazkur bitimga amal qilishini savol ostiga qo‘yardi”.

2003 yilda London tashabbusi bilan  Fransiya va Buyuk Britaniya o‘rtasida Buyuk Britaniyaga keluvchi muhojirlar oqimini tartibga soladigan bitim imzolangan edi. Bu hujjatga ko‘ra, parom yoki temir yo‘l orqali La-Mansh bo‘g‘ozidan o‘tuvchi muhojirlar Fransiya hududlarida tekshiriladi. Shu sababli ham Kale shahrida muhojirlarning noqonuniy lageri paydo bo‘lgan edi. Ular aynan Kale shahri orqali Buyuk Britaniyaga osonlik bilan o‘tishni mo‘ljallashgan.

Ayni damda noqonuniy muhojirlar lagerida bo‘lgan 2 ming 318 muhojir qonuniy tashkil etilgan markazlarga joylashtirildi. Ularning 1918 nafari balog‘atga yetmagan bolalardir. Muhojirlarni mamlakatdagi 80ta markazga eltish uchun 45ta avtobus jalb qilindi. Fransiya  Ichki ishlar vaziri Bernar Kaznyovning aytishicha, Buyuk Britaniyaga yuboriladigan 400 nafarga yaqin o‘smir muvvaqat markazga joylashtirildi. Muhojirlarni ko‘chirish amaliyotlariga 1200 nafardan ortiq politsiya va jandarmeriya xodimlari jalb etildi. Berner Kaznyovning so‘zlariga qaraganda, Buyuk Britaniya balog‘atga yetmagan barcha muhojirlarni qabul qilishga rozi bo‘lgan. London muhojirlar bilan bog‘liq inqirozni hal qilish maqsadida Fransiyaga qo‘shimcha 40 million  yevro ajratadi.

Lagerning buzilishini orziqib kutgan mahalliy aholi o‘z xursandchiliklarini yashira olmayapti. Ular endilikda tinch-oshoyishta hayot boshlanishiga umid qilishmoqda.

Bugungi kunda Kalega ko‘plab mehmonlar tashrif buyurmoqda. 450 nafardan ortiq jurnalist akkreditatsiyadan o‘tgan. Biroq ro‘yxatdan o‘tmagan jurnalistlar ham borligi sir emas. Umumiy hisobda shaharda 700 nafarga yaqin  jurnalist faoliyat yuritmoqda.

Yil boshidan beri Fransiyada noqonuniy muhojirlar uchun 283ta markaz tashkil etilgan. Kale yaqinidagi muhojirlar lageri Fransiyadagi eng yirik “xarobalar shaharchasi”, ayrim hollarda “jungli” deb nomlanadi. Bu yerda 6 mingdan  8 ming nafargacha muhojir istiqomat qilardi. Ular yaxshi hayot orzusida qurolli nizolar davom etayotgan Sudan, Afg‘oniston va Eritreyadan kelgan. Muhojirlar  imkon qadar Buyuk Britaniyaga o‘tishga intilishadi. Buning uchun La-Mansh ostidan o‘tuvchi “Yevrotunnel”dan foydalanishga harakat qilishadi. Ammo ularning bu kabi sa'y-harakatlari ko‘p hollarda fojia bilan tugaydi.

Muhojirlarning ayrimlari Kaledagi lagerni tark etishni istamayapti. “Muhojirlar uchun boshpana” uyushmasi rahbari Kristian Salomaning aytishicha, Kaleni noqonuniy muhojirlar to‘laligicha tark etganidan so‘ng haqiqiy qiyinchiliklar boshlanadi. Ya'ni nima bo‘lsa-da, Buyuk Britianiyaga o‘tishga uringan muhojirlar muammolar keltirib chiqaradi. Bu kabi kayfiyatda bo‘lganlar soni taxminan ikki ming nafarni tashkil qiladi. "Fransiya – boshpanalar o‘lkasi” uyushmasi rahbari Per Anri ham bu fikrlarga qo‘shiladi.

Shu yilning sentabr oyi so‘nggida prezident Fransua Olland  amaliy tashrif bilan Kale shahriga keldi. U xarobalarni buzib tashlashga va'da berdi.

Muhojirlarning ommaviy ravishda Yevropa sari yo‘l olishiga 2010-2011 yillarda mintaqada yuz bergan qurolli to‘qnashuvlar va beqarorliklar sabab bo‘ldi. Muhojirlarning katta qismi Italiya va Gretsiyaga joylashishga urindi. Shu sababli ham Yevropa Ittifoqi Adliya va Ichki ishlar Kengashi o‘tgan yilning 22 sentabrida Italiya va Gretsiyadan qo‘nim topgan 120 ming muhojirni yaqin 2 yil davomida Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga taqsimlash borasidagi qarorga keldi. Bu boradagi qaror Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Biroq ovoz berish jarayonida Finlyandiya betaraf qoldi. Chexiya, Vengriya, Ruminiya va Slovakiya qarshi chiqdi.

Shu yilning 9 oyi davomida Yevropaga O‘rta Yer dengizi orqali 317 mingdan ortiq muhojir va qochqin keldi. “Yaxshi hayot” orzusida yo‘lga chiqqan 3 ming 632 nafar muhojir vafot etdi yoki bedarak yo‘qoldi. Bu yil Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlaridan Yevropaga Italiya orqali o‘tgan muhojirlar soni rekord ko‘rsatkichga chiqdi. Mahalliy matbuotning yozishicha, 2016 yilning 9 oyi mobaynida Italiya sohillariga 153 ming muhojir kelgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10 foizga ko‘p. Italiyaga kelgan muhojirlarning 14 foizini (ya'ni 20 mingdan ortig‘ini) balog‘atga yetmagan bolalar tashkil qiladi. So‘nggi  uch kun mobaynida Italiya sohil qo‘riqchilari tomonidan 12 mingga yaqin muhojir qutqarildi. Yaqin kunlar ichida Sitsiliya, Kalabriya va Apuliya viloyatlariga 4 ming 292 muhojir yuboriladi. Dushanba kuni Palermo portiga 1 ming 117 nafar muhojir tushgan kema yetib keldi.

Sharofiddin To‘laganov tarjima qildi

Mavzuga oid