Jamiyat | 13:06 / 26.10.2016
15588
2 daqiqa o‘qiladi

Marg‘ilonlik qizaloq Bokudagi festivalda g‘olib bo‘ldi

13-15 oktabr kunlari Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida VIII – bolalar “Mug‘om” festivali bo‘lib o‘tdi. 9 mamlakatdan tashrif buyurgan yosh iqtidorlar orasida marg‘ilonlik qo‘shiqchi qizaloq Roziyaxon Komiljonova ham ishtirok etib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritgani juda quvonarlidir.

Yodingizda bo‘lsa yosh qo‘shiqchi qiz Roziyaxonning O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov bilan shu yilning may oyida “Jon O‘zbekiston” qo‘shig‘ini jonli tarzda kuylagani Youtube’dagi videolavha orqali juda mashhur bo‘lib ketgan edi.

Marg‘ilon shahridagi 8 umumta'lim maktabi ta'lim olayotgan hamda 8-musiqa va san'at maktabi tarbiyalanuvchisi Roziyaxon festivalda milliy durdonalarimizdan bo‘lgan “Yor istab” qo‘shig‘ini kuylab, hakamlar hay'ati va tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.

 -O‘zbek qo‘shiqchilik san'ati dunyoda o‘z o‘rniga ega, Roziyaxon tomonidan aytilgan yuksak darajadagi ijro tashkilotchilar va musiqa shinavandalarida katta taassurot qoldirdi,- deydi uning ustozi Doniyorbek Nurmatov.

Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid