Jahon | 21:26 / 28.10.2016
28750
7 daqiqa o‘qiladi

Amerika kimning nomiga qo‘yilgan: eski tarixga yangicha qarash

Maktabning jug‘rofiya fanidan yaxshi ma'lumki, Amerika qit'asini 1492 yilda Xristofor Kolumb kashf qilgan. Biroq nima uchun qit'a Kolumb deb emas, balki Amerika deb ataladi. Amerika nomi qanday paydo bo‘lgan? Amerigo Vespuchchiga aloqasi bormi? Maqolani oxirigacha o‘qib chiqsangiz o‘zingiz uchun yangilik olasiz, degan umiddamiz.

Shuni ta'kidlash kerak-ki, yangi qit'a, (ular bir emas, balki ikkita) buyuk sayyohatchi, astronom va kartograf Amerigo Vespuchchi nomiga qo‘yilgan, degan qarashlar mavjud. Avvaliga Ispaniya, keyin Portugaliya qirollik xizmatida bo‘lgan olim bugungi kunda Janubiy Amerika deb nomlanmish qit'a sohillariga uch marta - 1499, 1501 va 1503 yillarda safar qiladi. Bu safarlar chog‘ida yangi hududlarning bir nechta xaritasi yaratildi. Biroq bu xaritalarning asl nusxalari saqlab qolinmagan. Olingan nusxalarda qit'a Amerika deb emas, balki “Yangi dunyo” (Terra Nova) deya nomlangan. Ko‘rinib turibdiki, Amerigo Vespuchchi o‘z tadqiqotlarida qit'ani Amerika deb atamagan. Dengiz sayyohatchisining kundalik va xotiralarida ham Amerika atamasi uchramaydi.

Jahon xaritasida “Amerika” atamasi 1507 yilda, germaniyalik kartograf va kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi Martin Valdzeyemyuller (Valttsemyuller) tomonidan nashr qilingan “Yangi dunyoga uchinchi sayyohat” deb nomlanmish illyustratsiyada paydo bo‘lgan. Bu illyustratsiyada Shimoliy va Janubiy Amerika aks etgan. Shunisi e'tiborga molik-ki, janubiy qit'a Amerigo Vespuchchi ta'riflaganidek, “Yangi dunyo” (Terra Nova) deya nomlangan. Shimoliy hududlar esa qavs ichida Ameriqosland, ya'ni “Amerika yeri” deya atalgan. Martin Valdzeyemyuller izohida qit'a Amerigo Vespuchchi sharafiga shunday atalgani ta'kidlanadi. Biroq nima uchun va qanday sharoitlarda bu nom berilgani xaqida biror bir ma'lumot uchramaydi. Shu sababli ham, nima uchun shimoliy qit'aga Amerigo Vespuchchi nomi berilgani hamon jumboqligicha qolmoqda. Chunki u shimoliy xududlarga hech qachon bormagan.

Ikkinchidan, o‘sha zamon an'analariga ko‘ra, yangi yerlarga bu yerlarni ochgan yoki birinchi qadam bosganlarning ismi berilmagan. Balki familiyasi qo‘yilgan. Shuningdek, yangi yerlar qirollar, avliyolar, afsona qaxramonlari sharafiga qo‘yilardi. Amerigo Vespuchchi esa na qirol, na avliyo, na afsona qahramoni edi. Shu sababli “Vespuchchiland” deyilganda to‘g‘riroq bo‘lardi.

Valdzeyemyullerning xaritasi 1497 va 1498 yillarda hozirgi Shimoliy Amerika hududlariga Angliya bayrog‘i ostida suzib borgan Jon (aslida Jovanni) Kabot tomonidan yaratilgan xaritaga asoslangani taxmin qilinadi. Shuni ta'kidlash kerak-ki, Xristofor Kolumb, Jon Kabot yangi qit'a ochish uchun yo‘lga chiqishmagan edi. Ularning maqsadi Shimoliy Atlantikada baliq ovlash joylarini qidirishdan iborat edi. Agar ular yangi yerlar xaqida xarita tuzmaydigan bo‘lsa, ularning so‘zlariga hech kim ishonmasligi aniq edi. Shu sababli ham ular yangi yerlarning xaritasini yaratishgan. Biroq ular yaratgan xaritalarning asli saqlanmagan. Ammo Jon Kabotning sayyohat xaqida qirol Genrix VII Tyudorga yozgan hisobotida bu xarita mavjudligi va uni qirolga taqdim qilishi ta'kidlanadi. Ma'lumki, Genrix VII Tyudor 1496 yilda chiqargan farmonida Jon Kabotga Angliya bayrog‘i ostidagi kemada yangi yerlarni ochish va bu yerlarni Angliya qaramog‘iga olish topshirilgan edi. Yangi qit'aning shimoliy hududlari Valdzeyemyuller tomonidan “aynan shu xaritadan ko‘chirilgan bo‘lishi mumkin”, degan taxminlar aytiladi. Qirol Genrix VII Jon Kabotga sayyohat uchun izn bergan bo‘lishiga qaramay, pul bermaydi. Pulni Jon Kabotning do‘sti, badavlat savdogar Bristol shahar bojxonasining boshlig‘i Richard Amerik beradi. U nafaqat pul, balki kema qurish uchun materiallar xam beradi. Jon Kabotning hisobotida Richard Amerik ekspeditsiyaning bosh xazinachisi ekani ta'kidlanadi. O‘z navbatida, Jon Kabot ko‘rsatilgan ehtirom uchun yangi yerlarni qirol nomi bilan emas, balki saxovatli do‘stining nomi bilan ataydi. Buni mavjud hujjatlar ham tasdiqlaydi. Bristol arxivida “Cho‘qintiruvchi Ioann kunida Amerika qit'asi Bristollik savdogar tomonidan ochildi. Kema “Metyu” deb nomlanadi”, degan so‘zlar yozilgan hujjat bor. Bu - Amerikani Jon Kabot tomonidan ochilganini tasdiqlovchi yagona hujjatdir. “Metyu” kemasi esa Richard Amerik tomonidan berilgan yog‘och va taxtalardan qurilgani aniq. To‘g‘ri, Kabot yangi yerlarga do‘stining nomi berilganini ochiq yozmaydi. Mantiqan o‘ylab qaraladigan bo‘lsa, yangi qit'a Richard Amerik sharafiga qo‘yilgan.

Amerik degan noodatiy familiyaning kelib chiqish tarixi xaqida aytadigan bo‘lsak, uni familiya deyishdan ko‘ra, ism-sharif degan to‘g‘riroqdir. Aslida “am Merrik”, ya'ni “Merrik o‘g‘li” deyilishi kerak. Ya'ni Jon Kabot do‘stining ismi sharifi o‘zbekchada “Merrikning o‘g‘li Richard” bo‘ladi. Gap shundaki, Richard Amerik Uelsda tug‘ilgan bo‘lib, shotlandlar “mak” qo‘shimchasi qo‘shgani kabi qadimiy kelt qabilalari ism-shariflariga yoki otalarining ismiga “ap” qo‘shimchasini ishlatishgan. (Pol Makkartni “Pol, Kartni o‘g‘li” degani kabi). Biroq ayrim qabilalar “am” qo‘shimchasidan foydalanishgan. Richard Amerik mana shu qabila vakili edi.

Shuni ta'kidlash kerak-ki, “Amerika” atamasining kelib chiqishi borasidagi bu tadqiqotlarni hamma tarixchilar ham qo‘llab-quvvatlamaydi. Bu Jon Kabot tomonidan yaratilgan xaritaning asl nusxasi yo‘qligi bilan izohlanadi. Qachonlardir xaritaning asl nusxasi topilishiga ham ishonch yo‘q. Bu xarita 1498 yilda kema bilan suvga cho‘kib ketgan. Qirol Genrix VII ga berilgan xarita nusxasi uning o‘g‘li jug‘rofiy kashfiyotlardan ko‘ra, ayollarni yaxshi ko‘ruvchi Genrix VIII vaqtida yo‘qolgan.

Sharofiddin To‘laganov

Mavzuga oid