Jamiyat | 10:46 / 28.10.2016
11535
5 daqiqa o‘qiladi

Olimlar Nyu-York OIV o‘chog‘i bo‘lganini aniqlashdi

Foto: © RIA Novosti

Odam immuntanqisligi virusi AQShga Nyu York orqali tarqalgan. Shahar fuqarolaridan biri 1970 yillarning boshida Karib orollarida ushbu virusni yuqtirib olgach, bu kasallik Amerikaga kirib kelgan. 48-49 yillar avval, Karib mamlakatlarida bu virus katta sur'atlarda tarqalayotgan edi, deyiladi Nature jurnalida chop etilgan maqolada.

""Nolinchi bemor" deb ataluvchi Gaetan Duga, bugungi kunda insoniyat tarixidagi eng nafratlaniladigan insonlardan biri bo‘lib ulgurgan. U epidemiyani qasddan tarqatgan g‘arazli insonlar guruhining vakillaridan biridir. Biz esa, 1980 yillarda AQShda keng tarqala boshlagan OIV epidemiyasiga Duga birlamchi sabab bo‘lmaganini ko‘rsatib berdim", — deya hikoya qilgan Buyuk Britaniya Kembrij universiteti xodimi Richard Makkey. 

Foto: Worobey et al./Nature 2016
OIVning Amerika bo‘ylab ilk tarqalishi xaritasi

Olimlar fanga noma'lum kasallikning tarqalayotgani xususida ilk marotaba 1981 yilda gapira boshlashgan. O‘shanda, amerikalik shifokorlar Nyu York va Kaliforniyada yashovchi giyohvandlar va jinsiy axloqi buzuqlar orasida immunitet tanqisligi bilan bog‘liq noodatiy holatlarga duch kelishgan edi. Bu borada tekshiruv ishlari olib borgan olimlar 1983 yilda OIV-1 deb nomlangan virusni kashf qilish hamda uni mamlakat bo‘ylab sayr qilib, qasddan yuzlab va minglab aloqalar orqali tarqatayotgan tarmoqni aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi. 

Ilmiy maqolalarda "O bemor" deb nomlangan, biroq matbuot tomonidan "nolinchi bemor", ya'ni ilk manba deya xato o‘qilgan ana shunday bemorlardan biri tarqatish tarmog‘ida markaziy o‘rin tutgan. Chunki, u Kanada aviakompaniyalaridan birida bort kuzatuvchisi bo‘lib ishlagan va shunga binoan dunyo bo‘ylab sayr qilish imkoniga ega bo‘lgan. Uning ismi Gaetan Duga ekanini jurnalist Rendi Shilts aniqlab, 1986 yilda OIV haqida yozgan kitobida keltirgan. 

Olimlarning ishonishlaricha, shifokorlar OIV va OITS epidemiyalari tarqalayotgan ilk kunlarda virusni yuqtirganlarda kasallik simptomlari tezda namoyon bo‘lmasligini bilishmas edi. Shu boisdan ular, Duga virusni olib kirgan va uning Amerikaga tarqalishiga sabab bo‘lgan, deb hisoblashardi. 

Asli tarixchi bo‘lgan Makkey va qator genetiklar va biologlar OIVning global epidemiyasining tarqalishini aniqlab, mashhur "nolinchi bemor"ning zimmasidan ayblovni olib tashlashdi. Ular, Duganing qonini va “XX asr vabosi”ning viruslarini ilk yuqtirganlar qonidan olingan virus namunalarini o‘rganishdi. 

Olimlar bu muammoni o‘rganishda yangicha uslubda yondashishgan. Ular, Duga kabi OIVni ilk tashuvchilarning qonlari namunasini o‘rganish o‘rniga, 1978-79 yillarda Nyu-York va San-Frantsisko shaharlarida istiqomat qilgan va gepatit S virusi uchun qon topshirganlarning namunalarini qaytadan tahlil qilishgan. 

Makkey va uning hamkasblarining taxminlaricha, shifokorlar ilk davrlarda aniqlagan OIVni yuqtirganlar "nolinchi bemor"dan yuqtirishmagan, balki ular bu vaqtda allaqachon Duga kabi virus tashuvchisi bo‘lishgan. Va bu taxmin o‘zini oqladi. O‘sha vaqtga doir bir necha o‘nlab gepatit S uchun berilgan namunalar qayta tahlil qilinganda, ularda OIV virusi ham aniqlangan. 

Shundan so‘ng, biologlar ushbu OIV genomlarini Gaetan Duga va Afrikada topilgan OIV namunalari bilan taqqoslashgan va ularning o‘zaro aloqadorligi darajasini aniqlab, "evolyutsiya daraxti"dagi o‘rnini topishga urinishgan. Shunday qilib, xulosaga ko‘ra, Duga "nolinchi bemor" bo‘lmagan. Ammo, u va kaliforniyalik bemorlarda topilgan viruslarning mutatsiyasi o‘zaro bog‘liq bo‘lsa-da, eng eskilari hisoblanmaydi.

Mavzuga oid