Jahon | 21:56 / 30.10.2016
6097
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistonida ikki terakt bartaraf etildi

Foto: inform.kz

Saudiya Arabistoni huquq-tartibot muassasalari jangarilar tomonidan uyushtirilmoqchi bo‘lgan ikkita teraktni bartaraf etishdi, deb xabar bermoqda Assoshieyted Press axborot agentligi. 

Politsiyachilar Jiddada Saudiya Arabistoni va BAA terma jamoalari o‘rtasidagi futbol uchrashuvi vaqtida terakt uyushtirishda gumon qilingan Pokistonning ikki fuqarosi, suriyalik va sudanlikni qo‘lga olishdi. Jangarilar stadion yonida minalashtirilgan avtomobilni portlatmoqchi bo‘lgan. Jangarilar IShID bilan bog‘liqligi yoki yo‘qligi ma'lum qilinmagan.   

Saudiya Arabistoni xavfsizlik kuchlari shuningdek politsiyachilarga hujum uyushtirishda gumon qilingan 4 nafar saudiyalikni hibsga oldi. Hammasi bo‘lib bu jinoyatlarda 10 kishi gumon qilinmoqda, ulardan biri Bahrayn fuqarosi, qolganlari esa Saudiya Arabistoni fuqarolari. Taxmincha, jangarilar IShIDning Suriyadagi yetakchilaridan biridan ko‘rsatmalar olgan. 

Al-Katif shahrida politsiya patruli navbatchilik vaqtida o‘qqa tutilishi oqibatida bir politsiyachi halok bo‘lgan, yana biri yaralangan. O‘tgan haftada ham qo‘shni Ad-Dammom shahrida 2 politsiyachi otib ketilgandi, sentabrda esa yana ikki politsiyachi noma'lum bosqinchilar tomonidan o‘ldirilgandi. 

Huquq-tartibot muassasalari gumonlanuvchilarning shaxsini o‘rnatgan va ularni taslim bo‘lishga chaqirgan hamda bu odamlarga ko‘mak ko‘rsatish jinoiy tartibda jazolanishidan ogohlantirgan. Bundan tashqari, qirollik ichki ishlar vazirligi gumonlanuvchilardan birini qo‘lga olishga olib keluvchi ma'lumot uchun bir million real (266 ming dollar) mukofot puli va'da qildi. Shuningdek, bir necha jinoyatchining ushlanishiga olib keladigan ma'lumot uchun 5 millon real (1,3 mln dollardan ko‘proq), teraktni bartaraf etishga imkon beradigan ma'lumot uchun 7 mln real (1,8 million dollar) mukofot puli va'da qilindi.

 

Mavzuga oid