Jamiyat | 16:34 / 30.10.2016
45804
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikistondagi Rog‘un GES qurilish ishlarini shaxsan Imomali Rahmonning o‘zi boshlab berdi

Foto: prezident.tj

Tojikistonda 29 oktabr kuni dunyodagi eng katta tosh-shag‘al to‘g‘oni - Rog‘un GES qurilishiga start berildi. Uni shaxsan davlat rahbari Imomali Rahmonning o‘zi boshlab berdi. Bu haqida Tojikiston Respublikasi prezidentining matbuot xizmati ma'lum qildi. 

"Millat rahbari Imomali Rahmon shaxsan o‘zi buldozer ruliga o‘tirib, ertalabki soat 10:00dan 11:30gacha, ya'ni bir yarim soat Vaxsh daryosi bo‘ylab shag‘al tashidi va shu tariqa tojik xalqi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Rog‘un GESi qurilishini boshlab berdi", - deyiladi xabarda. 

Davlat rahbari ushbu muhim strategik obektning qurilishi va qayta tiklanishi bugungi hamda kelgusi avlod vakillarining munosib hayot kechirishlariga zamin yasashini ta'kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rog‘un GESi mamlakat iqtisodiyoti va umuman xalq xo‘jaligidagi barcha sohalar rivoji uchun qulay sharoit yaratadi. 

Shuningdek, GES ekspluatatsiyasi mamlakatda to‘liq energetik mustaqillikka erishish borasidagi strategik maqsad bilan bog‘lanmoqda. 

Bundan avval GES qurilish ishlari boshlanishi oldidan Vaxsh daryosining to‘sib qo‘yilganligi haqida xabar berilgandi. Rog‘un GES Vaxsh daryosi bo‘ylab barpo etilgan navbatdagi to‘qqizinchi GES kaskadi bo‘ladi. U, Dushanbe shahridan 110 km uzoqlikda joylashgan. Loyihaga ko‘ra, GES har birining quvvati 600 mVtni tashkil etuvchi oltita agregatdan iborat bo‘ladi.

Stantsiya tosh-shag‘al to‘g‘onining balandligi 335 metrni tashkil etadi. Bu dunyodagi eng baland to‘g‘on bo‘lishi kutilayapti. Rog‘un GES 3600 mVt (yiliga 17 mlrd. kVt/soatdan ko‘p) elektr energiyasi ishlab chiqarish bilan mintaqada eng yirik GES hisoblanadi. 

Ayni vaqtda, inshootni barpo etish ishlariga 15 ming kishi va 2,1 mingdan ortiq texnika jalb etilgan. 

Ish jadvaliga ko‘ra, Rog‘un GESning birinchi agregati 2018 yil oxirida ishga tushishi kerak. Ikkinchi agregati 2019 yil aprelida foydalanishga topshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi hukumati, mintaqadagi boshqa davlatlar, xususan Amudaryo quyi qismida joylashgan Turkmaniston hukumati bilan birga mazkur GESning qurilishiga keskin noroziligini bildirib keladi. Uning haddan tashqari balandlikda, seysmik faol hududda barpo etilayotgani O‘zbekiston janubi va Turkmaniston sharqiy hududlariga jiddiy xavf solishi mumkinligi ta'kidlanadi.
 

Mavzuga oid