Jahon | 00:13 / 04.11.2016
20617
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy politsiyasi yo‘l harakati qoidabuzarlarini jazolashning antiqa usulini kiritdi

Foto: Shenzhen Traffic Police / Weibo

Xitoyning Shenchjen shahri yo‘l politsiyasi mashinasi faralari bilan boshqa haydovchilarning ko‘zini qamashtiruvchi yo‘l harakati qoidabuzarlariga yangi jazolash usulini kiritdi. Sky News britan telekanalining xabar berishicha, bunday qoidabuzarlar faralari butun kuchiga yoqilgan avtomobil ro‘parasida o‘tkazib qo‘yilib, faralarga bir daqiqa davomida ko‘zlarini yummasdan qarashga majbur qilinmoqdalar.

Bu holat tasvirlangan surat Sina Weibo ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirildi. "Bugun biz uzoqni yorituvchi faralar bilan jazolashni amalga oshirmoqdamiz", deb yozilgan politsiya tomonidan chop etilgan xabarda. Bu surat foydalanuvchilar e'tiborini tortdi va u bilan 93 ming marotaba bo‘lishishgan. 

Xitoy yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, uzoqni yorituvchi faralarni agar u ro‘paradan kelayotgan haydovchilar ko‘zini qamashtirsa, yoqish taqiqlanadi. Bunga amal qilmagan qoidabuzarlar 300 yuan jarima bilan jazolanadi. Shenchjenda o‘ylab topilgan jazo majburiy emas va undan voz kechish mumkin. Taxmin qilinishicha, bunday jazodan keyin qoidabuzarlar ko‘zni qamashtiruvchi faralar avariyaga olib kelishi mumkinligini anglab yetadilar.

Avvalroq Xitoyda yo‘l qoidasini buzganlik bilan bog‘liq kulgili voqea yuz bergan.  Qoida buzgani uchun ushlangan haydovchi agar uni qo‘yib yubormasalar, butun Yerni yo‘q qilib yuborish bilan tahdid qilgan. "Sizlarning Yeringizda o‘z qonuningiz, bizda, Somon yo‘li galaktikasida esa o‘z qoidalarimiz bor", deb politsiyachilarni qo‘rqitmoqchi bo‘lgan qoidabuzar. Shundan keyin politsiyachilar qoidabuzarning haydovchilik guvohnomasini olishga botina olganlari-yo‘qligi ma'lum qilinmagan. 

 

Mavzuga oid