O‘zbekiston | 12:00 / 04.11.2016
6454
6 daqiqa o‘qiladi

Prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratov Farg‘ona viloyati saylovchilari va jamoatchiligi bilan uchrashdi

4 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Sarvar Otamuratovning Farg‘ona viloyatidagi saylovchilar va keng jamoatchik bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuvda turli sohalar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xotin-qizlar, yoshlar, mahalla faollari, partiya a'zolari hamda OAV xodimlari ishtirok etdilar.
Uchrashuv Farg‘ona viloyatining barcha tuman va shaharlarining saylovchilari bilan onlayn video konferensiya orqali muloqot tarzida bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuvni O‘zMTDP Farg‘ona viloyat kengashi a'zosi Ma'murjon Atajonov ochib berar ekan, mamlakatimizning ertangi kuni, porloq kelajagiga mas'ullik har bir fuqaroning burchi ekanligini, saylovlar esa odamlarning yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini ifoda etishini alohida e'tirof etib o‘tdi.

Shundan so‘ng partiyadan Prezidentlikka nomzodning Farg‘ona viloyatidagi ishonchli vakili Umid Jabborov ishtirokchilarga Sarvar Otamuratovni tanishtirdi va uning tarjimai holiga to‘xtalib o‘tdi. 
S.Otamuratov so‘zga chiqib, saylovchilarni saylovoldi Dasturida belgilangan vazifalar bilan tanishtirdi. Nomzod ta'kidlaganidek, saylovoldi Dastur yettita ustuvor yo‘nalishlardan iborat. Unda asosan ma'naviy-ma'rifiy sohada erishilgan yutuqlarni mustahkamlash va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, xalqimizning betakror va ulug‘vor tarixiy, madaniy va intellektual merosi, madaniyati va an'analarini asrab-avaylash va boyitish, uning yutuqlarini navqiron va barkamol avlod orasida keng targ‘ib qilishga alohida urg‘u beriladi.
Biz doimo milliy o‘zlikni anglash, milliy g‘urur va qadr-qimmat tuyg‘usini mustahkamlash masalalariga ustuvor ahamiyat berganmiz va bundan buyon ham ushbu hayotiy masalalar diqqat markazimizda bo‘ladi, - dedi uchrashuvda Prezidentlikka nomzod S.Otamuratov.

Nomzodning fikricha «O‘z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo‘q» tamoyili asosida xalqimiz tarixini xolis va tizimli o‘rganish, bu borada o‘zbek xalqining tarixiy o‘tmishi va bugungi kunini baholashda bir yoqlama yondashuvlarga, noxolislikka yo‘l qo‘ymaslik, O‘zbekiston tarixining buzib, soxtalashtirib talqin etilishiga qarshi kurashish milliy o‘zlikni anglashning muhim tamoyillaridan biridir.

Kino, teatr va estrada san'atida xalqimizning boy va betakror tarixi, madaniyati, an'analari va ilg‘or urf-odatlarini ta'sirchan badiiy obrazlar orqali ifoda etadigan asarlarning yaratilishi yoshlar ongini xalqimizga yot bo‘lgan «ommaviy madaniyat»ning salbiy ta'siridan muhofaza qilish, ularning qalbi va ongiga milliy tiklanish g‘oyasini singdirish, kelajagimiz egalarini milliy ma'naviyat va qadriyatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Sarvar Otamuratov bu boradagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashar ekan, respublikamizning boshqa hududlari kabi Farg‘ona viloyatida ham ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish lozimligini ta'kidlab o‘tdi.

Zero, bugungi kunda Farg‘ona viloyatidagi mavjud Farg‘ona san'at saroyi, Yusufjon Shakarjonov nomli viloyat dramma teatri, “Xamza” nomli Qo‘qon dramma teatri, viloyat rus dramma teatri, viloyat milliy qo‘g‘irchoq teatri, Al Farg‘oniy nomli viloyat kutubxonasi hamda viloyat O‘lkashunoslik muzeyi kabi ma'naviyat o‘choqlariga yoshlarni keng jalb etish, ularning ma'naviyatini yuksaltirish, dunyoqarashini o‘stirish oldimizda turgan eng muhim vazifalardan biridir, - dedi Sarvar Otamuratov.

Shuningdek, Prezidentlikka nomzod davlat tili masalasini ko‘tardi. Dasturda til millatning eng oliy qadriyatidir deb belgilangan. Shundan kelib chiqib, qadimiy va boy tarixga ega bo‘lgan, mustaqillik tufayli qadr-qimmati tiklangan, hozirda kechayotgan globallashuv davrida zamonaviy taraqqiyotning barcha sohalari talablariga javob beradigan tilimiz rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash va uning to‘la amal qilishiga erishish, til madaniyatini yanada yuksaltirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqish zarur deb ta'kidlandi.

Mavjud davlat va siyosiy tizimni yanada mustahkamlash, milliy g‘oya, jamiyatimizning axloqiy va ma'naviy asoslari ustuvorligini ta'minlash, jamiyatda hukm surayotgan va xalqimizga xos bag‘rikenglik, millati, dini, ijtimoiy holati va kelib chiqishidan qat'i nazar, O‘zbekiston xalqi, barcha fuqarolarning birdamligi va hamjihatligini mustahkamlash Dasturda ilg‘or vazifalar qatorida turadi.
Dunyo bozorida raqobatbardosh hamda milliy iqtisodiyotimiz timsoliga aylanadigan transmilliy kompaniyalarni shakllantirish, turizmni rivojlantirish hamda mamlakatimizning ishonchli, siyosiy va savdo-iqtisodiy sohalarda mas'uliyatli sherik sifatida xalqaro miqyosdagi imijini mustahkamlash kabi vazifalar ham Dasturda o‘z aksini topgan.

Nomzod qayd etib o‘tganidek, bu maqsadlarni amalga oshirishda mehnatsevar Farg‘ona xalqi albatta, eng asosiy kuch va tashabbuskor bo‘ladi.

Uchrashuvda ishtirokchilar so‘zga chiqib, nomzodning saylovoldi Dasturiga o‘z munosabatlarini bildirdilar. Ular tomonidan bildirilgan fikrlarning xilma-xilligi, saylovchilar va nomzod o‘rtasida savol-javob tarzida kechgan muzokaralarning qizg‘inligi odamlarning nomzod dasturiga befarq emasligidan dalolat beradi.


O‘zMTDP Farg‘ona viloyat kengashi Axborot xizmati
 

Mavzuga oid