Iqtisodiyot | 19:32 / 07.11.2016
7222
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston uchinchi chorakda 75 mln dollarlik grantlarni jalb qildi

O‘zbekiston hukumati 2016 yilning uchinchi choragida umumiy qiymati 75 million dollarga teng 50ta grant jalb qildi. Bu haqda O‘zbekiston Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlik ma'lumotlariga ko‘ra, sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirish, Ta'lim, fan va xodimlarning malakasini oshirish maqsadlari uchun 38,3 million dollarlik 32ta grant jalb etilgan. Shuningdek, sport, ijtimoiy himoya va madaniyat rivojlantirish maqsadlari uchun umumiy qiymati 11,1 million dollar bo‘lgan 10ta grant jalb qilingan.

15 mln dollar miqdoridagi 2ta grant Qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi loyihalar uchun, 8,3 mln dollar hajmidagi 2ta grant esa Huquqni muhofaza qilish va bojxona organlarini texnik jihozlash yo‘nalishi bo‘yicha jalb etilgan.

Iqtisodiyot rivoji, moliyaviy bozor va korxonalarga 0,5 mln dollarlik grant jalb qilingan. 

2016 yilning uchinchi choragida O‘zbekiston turar joylar, transport va energetika infratuzilmalari uchun jalb qilgan 4ta grantning qiymati 1,8 mln dollar.

Davlat xizmati organlarini moddiy-texnikasini va institutsional rivojlanishini ta'minlash, zamonaviy informatsion-kommunikatsion texnologiyalarni tatbiq etish uchun esa 6,2 million dollarlik (3 grant) grantlar jalb etilgan. Ekologiya sohasidagi loyihalar uchun 0,9 million dollar (4 grant) va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalar uchun 0,7 million dollarlik (6 grant) grantlar jalb qilingan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2016 yilning 1-choragida 51,7 mln dollarlik 67ta grant, 2-chorakda 47,7 mln dollarlik 89ta grant jalb qilgandi.

Mavzuga oid