Jahon | 12:21 / 13.11.2016
7754
4 daqiqa o‘qiladi

NATO bosh kotibi AQShni o‘zaro munosabatlarni qayta ko‘rib chiqmaslikka chaqirdi

Foto: Reuters

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenbergning bildirishicha, Yevropa va AQSh hamkorligi ikki tomon manfaatlari uchun xizmat qiladi. The Guardian nashri xabar berishicha, u AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Trampga murojaat qilgan.

O‘zining saylovoldi kampaniyasida Tramp NATOni “eskirgan tashkilot” deb atadi va uning a'zolaridan ularning tashkilot oldida turgan vazifalarini to‘liq bajarishni talab qildi, jumladan mudofaa uchun mo‘ljallangan xarajaatlar borasida. Ushbu bayonotlardan keyin AQShda Tramp NATOning kollektiv xavfsizlik konsepsiyasiga ishonmay qarayotgani haqida fikrlar paydo bo‘ldi.

«Bizning qarshimizda butun avlod xavfsizligini ta'minlash masalasi turibdi. Hozirgi kunda Yevropa va AQSh hamkorligining qay darajada muhimligini shubha ostiga qo‘yish pallasi emas», — degan u.

«Yevropa va AQSh hamkorligi ikki tomonning umumiy manfaatlari va qadriyatlari asosiga qurilgan. Bu hamkorlik to‘g‘ri olib borilsa, jon saqlab qolamiz. Qo‘shma Shtatlar ayni vaqtda NATO xarajatlarining 70 foizini qoplaydi va moliyaviy yukning qay tariqa taqsimlanishini belgilash huquqiga ega hisoblanadi», — deya qayd etgan Stoltenberg.

U NATO a'zolari YaIMning 2 foizini mudofaa uchun ajratishga va'da berganini eslatib o‘tgan.

«Bizning qarashlarimiz turli-tumanlashuvi o‘rniga birlashgan holda rivojlanishimiz kerak. Biz muhim qarorlarni qabul qilish yo‘lida birga ishlash uchun dono bo‘lishimiz va uzoqni ko‘rabilishimiz kerak», — deya qo‘shimcha qilgan Stoltenberg.

«NATO o‘z ustavining 5 bandiga muvofiq (alyans a'zolaridan biriga hujum qilingan holda, uning boshqa a'zolari yordamga kelishi haqida), AQShga 11 sentabr teraktlaridan keyin yordam ko‘rsatdi. NATO Afg‘onistondagi operatsiya uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. U yerda o‘n minglab alyans askarlari xizmat qildi. Ulardan mingdan ortig‘i qurbon bo‘ldi. Bularning hammasi AQShga nisbatan qilingan hujumga to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilgan javob bo‘ldi», — deydi alyans bosh kotibi. 

Bundan avvalroq OAQda NATO rahbariyati AQShdagi saylovlarda Donald Tramp g‘olib chiqqani munosabati bilan, 2017 yil avvalida o‘tkazilishi belgilangan sammitni keyinga qoldirishga qaror qilgani haqida xabar tarqatilgandi.

Germaniyaning Spiegel nashri NATO bosh kotibi Yyens Stoltenbergga yaqin manbalariga tayanib xabar berishicha, bahorga rejalashtirilgan sammit yozga ko‘chiriladi. Bu vaqtgacha alyans rahbariyati AQShning yangi prezidenti Donald Trampning harbiy tashkilotga munosabati qanday bo‘lishini tushunib olmoqchi.

NATO AQShning alyans faoliyatidagi rolini ancha kamaytiradigan ssenariyni ko‘rib chiqmoqda. Xususan, bunda gap AQShning Sharqiy Yevropa mamlakatlariga qo‘shimcha bo‘linmalarni yuborishdan bosh tortishi, shuningdek, Yevropa hududidagi Amerika harbiy kontingentining umumiy qisqartirilishi haqida borishi mumkin.

Nashr eslatishicha, shu yilning iyulida Donald Tramp NATOga a'zo mamlakatlar uchun xavfsizlik kafolatini avtomatik tarzda uzaytirishga rozilik berishini gumon ostiga olgan edi. Aprelda esa NATOning tarqalib ketishi ehtimolini normal holat deb atagan edi.

NATO Tramp g‘alabasi tufayli AQSh tomonidan moliyalashtirish qisqartirilishidan xavfsiramoqda

Mavzuga oid