Jahon | 09:33 / 18.11.2016
7538
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Eronga Boeing samolyotlarini sotmaydi

AQSh Kongressi Vakillar palatasi Eronga Boeing samolyotlarini sotish va ularni lizingga berishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi, deb xabar qilmoqda Bloomberg agentligi. Respublikachilar partiyasi tomonidan tayyorlangan hujjatni 243 nafar deputat ma'qullagan, 174 nafari qarshi chiqqan. 

«Amerika soliq to‘lovchilari, bank tizimi dunyodagi eng yirik terrorizm homiysiga samolyotlar xarid qilishda yordam bermasligi kerak», — degan respublikachilarning Palatadagi a'zosi Bob Dold.

Endilikda, qonun loyihasini Senat muhokama qilishi kerak. Bu yerda Respublikachilar partiyasi vakillari aksariyatni tashkil etadi. Shundan so‘ng, u imzolash uchun AQSh prezidentiga taqdim etiladi. 

Iyun oyida Amerikaning Boeing korporatsiyasi Eronning Iran Air davlat aviakompaniyasi bilan dastlabki kelishuvga erishgan edi. Bu bitim, savdo sanksiyalari bekor qilinganidan so‘ng, Eron va Amerika ishlab chiqaruvchisi o‘rtasidagi eng yirik kelishuvlardan biri bo‘lishi kutilayotgandi. Islom respublikasi transport vaziri Abbos Ohundiy bitimni 25 milliard dollarga baholagan edi. 

 

Mavzuga oid