O‘zbekiston | 12:45 / 24.11.2016
9948
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston AKT taraqqiyoti indeksida 110-o‘rinda qoldi

Fotol: O‘zA

O‘zbekiston Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari taraqqiyoti indeksida 4,05 ko‘rsatkichini qayd etib, 110-o‘rinni egalladi. Bu haqda Xalqaro elektr aloqa ittifoqining 22 noyabr kuni taqdim etilgan «Axborot jamiyati o‘lchovi» nomi ostidagi yillik hisobotida keltirilgan.

Bu MDH mamlakatlari orasida to‘qqizinchi natija hisoblanadi.

Qayd etish kerakki, o‘tgan yilgi ro‘yxatda ham O‘zbekistonning o‘rni 110-o‘rin bo‘lgandi, ammo o‘shandagi ko‘rsatkich 3,76 ga teng edi.

XEAI ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda statsionar telefon aloqasiga ulanganlar soni har 100 kishiga 8,44 ni, mobil aloqasiga ulanganlar esa — har 100 kishiga 73,34 ni tashkil qiladi. Xalqaro trafik har bir foydalanuvchi boshiga 2075,36 bit/soniyadan iborat.

O‘zbekistonda uy xo‘jaliklarining qariyb 43,2 foizi kompyuterlarga ega, 52,6 foiz kishi internetga ulangan. Taqqoslash uchun, 2015 yilgi hisobotga ko‘ra mos ravishda 5 foizlik va 8 foizlik o‘sish qayd etilgan.

Uy sharoitida internetdan foydalanuvchilar 42,8 foiz — bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan 7 foizga ko‘p.

Hisobotda qayd etilishicha, Statsionar keng polosali internetdan foydalanuvchilar soni har 100 kishiga 3,57 ni tashkil etadi. Faol mobil internet foydalanuvchilari soni esa 4 foizga o‘sib, har 100 kishiga 28,69 ga yetdi.

Sobiq Ittifoq hududidagi davlatlar orasida Belarus ro‘yxatning 31-pog‘onasidan joy olgan, Rossiya 43, Qozog‘iston 52, Ozarboyjon 58, Armaniston 71, Gruziya 72, Ukraina 76, Qirg‘iziston esa 113-o‘rinda joylashgan.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari taraqqiyoti indeksida birinchi o‘rinni o‘tgan yildagi kabi Koreya Respublikasi egalladi. 175 davlatdan iborat reytingning kuchli beshligida Islandiya, Daniya, Shveytsariya va Buyuk Britaniya ham bor.

Mavzuga oid