Jahon | 08:09 / 26.11.2016
20626
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya bosh vaziriga berilgan sovg‘a Ispaniya va Isroil o‘rtasida diplomatik mojaroga sabab bo‘ldi

Foto: Globallookpress.com

Ispaniya tashqi ishlar vazirligi Isroilning Madriddagi elchixonasiga Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedevning Tel-Avivga tashrifi vaqtida unga Ispaniyada ishlab chiqarilgan Sniper droni sovg‘a qilingani bo‘yicha norozilik bildirdi va bu dron nima uchun Medvedevga sovg‘a qilingani bo‘yicha tushuntirish berilishini talab qildi. Bu haqda El País nashri xabar bermoqda. 

Dronni Medvedevga Isroil qishloq xo‘jaligi vaziri Uri Ariel tuhfa qilgan. 11 noyabrda Medvedev Tel-Aviv yaqinida joylashgan qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurganda unga isroillik agronom va seleksionerlarning mahsulotlari namoyish qilingan. Isroillik vazir meva va sabzavotlardan tashqari Medvedevga Ispaniyada ishlab chiqarilgan dronni ham namoyish qilgan. Medvedev dronga shunchalik qiziqib qolganki, vazir tarjimon orqali dronni Rossiya bosh vaziriga sovg‘a qilishini aytgan. Dron ertasiga Rossiya elchixonasiga yetkazilgan.

Nashrning ta'kidlashicha, Madrid Isroil hukumati Ispaniyaning Alpha Unmanned Systems SL. korxonasida ishlab chiqarilgan dronni sovg‘a qilishga huquqlari bo‘lmagani, uni uchinchi shaxslarga berishdan oldin ishlab chiqaruvchidan tegishli ruxsat olishlari zarurligini aytgan. 

Ispaniya hukumati bu sovg‘a Yevropa Ittifoqi tomonidan Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalar rejimiga zid kelishini, dron esa boshqa maqsadlarda ishlatilishi mumkin bo‘lgan yuqori texnologik buyum sifatida qaralishi mumkinligini ta'kidlab o‘tgan. 

Ta'kidlanishicha, Isroil bu drondan ikkita sotib olgan, ularning umumiy qiymati 100 ming yevroni tashkil qilgan. Ushbu dronlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomani tuzishga bir necha yillar talab qilingan. 
 

Mavzuga oid