Jamiyat | 14:40 / 29.11.2016
46031
11 daqiqa o‘qiladi

Zilzila – gunoh ishlarning azobidan ogohlantiruvchi elchi

O‘zbekiston milliy axborot agentligi O‘zbekistonda sezilgan zilzilalar haqida xabar tarqatdi. Agentlikning «Toshkent» seysmologiya markaziga asoslanib xabar berishicha, O‘zbekistonda ikki marta zilzila kuchi sezildi.

«25 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:19 hamda 19:25da ikki marta yer silkinish hodisasi qayd etilgan. Zilzila epimarkazi poytaxtdan 410 km uzoqlikda Xitoy hududida joylashgan», deyilgan xabarda.
Xabarda shuningdek, O‘zbekiston hududida zilzila kuchi Toshkentda 3 ballga, Namangan va Andijonda 3-4 ballga, Farg‘onada esa 4 ballga teng bo‘lgani keltirib o‘tilgan.

Respublikaning boshqa hududlarida ushbu hodisa sezilmagani va jabrlanganlar hamda talofatlar haqida ma'lumotlar yo‘qligi aytib o‘tilgan.
Manba: O‘zA

25 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:19 hamda 19:25da ikki marta yer silkinish hodisasi qayd etildi. Zilzila shu holda davom etsa, qanday yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yaxshi anglaydigan va his qiladigan barcha kattalar qo‘rquv va ojizlik ichra Yaratganni eslab, Undan omonlik so‘rab beixtiyor «Subhanolloh» kalimasini qaytarishga tushdilar.

Alhamdu lillah zilzila o‘tib ketdi... Hech kim zarar ko‘rmadi... Lekin, bir necha soniyalik bu silkinish odamlarga bir olam ibrat va saboq berib ketdi. Ha, atigi bir necha soniyalik bu silkinish insoniyat o‘zi da'vo qiluvchi shuncha taraqqiyot, kuch-qudrat va ilmi bilan Allohning balosi oldida hech narsa qilolmasligini, Alloh xohlasa bir necha lahzalar ichida bandalarini yer bilan yakson etishga qodir ekanligini yana bir karra eslatib qo‘ydi. Yana aynan tunda, hamma o‘z ixtiyorini g‘aflat uyqusiga topshirgan pallada. Nima uchun?! Toki, gunohlar ixtiyoriga o‘zini topshirib, Yaratganning amru farmonlariga beparvolik bilan g‘aflatga cho‘mgan bandalar ko‘zlarini ochishlari, gunohlariga tavba va istig‘for aytib, o‘zlarini isloh etishlari, turli tuman jinoyatlardan tiyilib, to‘g‘ri yo‘lga yurishlari uchun!..

Albatta zilzila insoniyatni ogohlantirib, qo‘rqitib turadigan oyat-alomatlardan biri hisoblanadi. Alloh taolo aytganidek,

«Biz oyat-alomatlarni faqat qo‘rqitish uchungina yuborurmiz» (Isro, 59-oyat). 

Boshqa bir oyati karimada esa shunday deyiladi:

«U yurtlarning aholisi tunda uxlayotganlarida, (to‘satdan) ustilariga azobimiz kelib qolishidan omondamilar?! Yoki u yurtlarning aholisi choshgoh vaqti o‘ynab turganlarida ustilariga azobimiz kelib qolishidan xotirjammilar?! Allohning «makridan» ham xotirjammilar?! Allohning «makridan» (sinovi, azobidan) faqat ziyon ko‘ruvchi qavmlargina xotirjam bo‘lurlar» (A'rof surasi, 97-99-oyatlar). 

Bandalardan hech kim Allohning azobidan o‘zini xotirjam va omonlikda his qilishi mumkin emas. Oyatda aytilganidek, faqat ziyon ko‘ruvchilargina bundan o‘zlarini xotirjam his qiladilar. 

Zilzila va boshqa tabiiy ofatlar odamlarni sergaklikka undaydi, gunohlardan to‘xtab, Allohga qaytishga chaqiradi. Bunday holatlar bamisoli ogohlantirish va malomatga sabab bo‘luvchi ishlarni tark etishlari uchun nasihatomuz xitob kabidir. 

Yer qimirlaganda solih salaflar 

«Rabbingiz sizlardan xatolaringizni, malomatga sabab ishlaringizni bartaraf qilib, Uni rozi qilishingizni so‘rayapti, bas, shunday ekan, o‘sha ishlaringizni to‘xtatib, Rabbingizni rozi qiling!» der ekanlar. 

Zilzila va boshqa tabiiy ofatlar kabi barcha musibatlar faqat insoniyatning o‘z gunoh va ma'siyatlari tufayligina keladi. Lekin u kelganda yaxshini ham yomonni ham olib ketadi. Mazkur ofatlar tufayli zarar ko‘rgan yaxshi kishilarga Allohning rahmati va mag‘firati bo‘ladi, yomonlarga esa bu ofatlar Uning g‘azabi va jazosi bo‘ladi.

Madinai Munavvarada zilzila ro‘y berganda hazrat Umar ibn Xattob raziyallohu anhu va'z qila turib, «Agar bu zilzila yana takrorlansa, men bu shaharda sizlar bilan birga turmayman!», degan ekanlar.

Insoniyat boshiga nimaiki, balo kelsa, o‘zlarining gunohu ma'siyatlari sababidan keladi. Alloh taolo aytganidek: 

«Sizlarga neki musibat yetgan bo‘lsa, u ham bo‘lsa, o‘z qo‘llaringiz qilgan narsa (gunohlaringiz) tufaylidir. Yana U ko‘p (gunohlaringiz)ni kechib yuboradi» (Sho‘ro surasi, 30-oyat).

Ya'ni tag‘inam Alloh taolo har bitta gunohimiz tufayli azobga tutmaydi, balki, ko‘pini kechirib yuboradi.

Shunday ekan, gunohlar, jinoyatlardan tiyilib, Allohga tavba va istig‘for aytishimiz maqsadga muvofiqdir. Zero, ne'matlar ko‘tarilib, ofatlar tushishiga faqat gunohlarning ommaviy ravishda avj olishigina sabab bo‘lar ekan.

Adiy ibn Umayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda aytilishicha, Alloh taolo ommani (aksariyatni) xoslarning (ma'lum toifaning) qilayotgan ishlari uchun azoblamaydi. Bu holat toki, o‘sha munkar va yomon ishlarni o‘z oralarida ko‘rib, qaytarishga, isloh qilishga qodir bo‘lsalar ham o‘sha munokarotlardan qaytarmay, isloh qilmay yurishguncha davom etadi. Ana shunday qilsalar, Alloh ularning ommasini ham, (asosiy munkarni qilayotgan) xos kishilarini ham azobga tutadi. (Ahmad va Abu Dovud rivoyatlari).

Gunoh-ma'siyatlar ne'matlar zavol topib, baloyu ofatlar tushishiga sabab bo‘lsa, tavba va istig‘for ne'matlar bardavom bo‘lishiga va balolar qaytarilishiga sababdir. 

Shuning uchun ham Alloh taolo marhamat qilib aytadiki: 

«Ular istig‘for aytib turgan hollarida ham Alloh ularni azoblovchi emas» (Anfol surasi, 33-oyat). 
Bundan avvalgi oyatda esa: 

«(Ey Muhammad alayhissalom), ularning ichida Siz bo‘la turib, Alloh ularni azoblaguvchi emas», deya marhamat qilingan.

Ma'no ahli aytadilarki, yuqoridagi oyatlar istig‘for ya'ni Allohdan gunohlar uchun mag‘firat va kechirim so‘rash azobdan saqlaguvchi omonlik ekanligiga dalolat qiladi.

Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar:

«Odamlar ichida ikkita himoya, omonlik bor edi: biri Allohning Payg‘ambari, ikkinchisi esa istig‘for. Allohning Payg‘ambari o‘tib ketdilar, ammo istig‘for qiyomatgacha boqiydir».

Qaysi bir o‘lkada Allohga ibodat qilinar ekan, istig‘for aytilib turar ekan, fisq-fujur ommaviy tus olmagan ekan u yerga aholining ko‘p qismiga zarar keltiradigan, ommaviy balo tushmaydi inshoalloh. Shuningdek, nuroniy otaxonlar, emizikli, ma'sum go‘daklar, o‘tlab yuruvchi chorvalar ham azob nozil bo‘lishini to‘sib turar ekan. Ba'zi rivoyatlarda shunday so‘zlar vorid bo‘lgan:

«Agar orangizda qaddi ruku'ga egilgan mo‘ysafidlar, emizikli go‘daklar va erkin o‘tlab yuruvchi chorvalar bo‘lmaganda, ustingizga azob yog‘ilgan bo‘lardi».

Alhamdu lillah, garchi vaqti-vaqti bilan insoniy talafot keltirmaydigan zilzila va hokazolar ro‘y berib tursa ham bizning go‘zal yurtimizda 1966 yildan beri odamlarning hayotiga zomin bo‘luvchi, ommaviy azob bo‘lib keluvchi falokatlar sodir bo‘lmadi. (Ilohim, bundan buyog‘iga ham Alloh yurtimizni O‘z hifzu himoyasida saqlasin!..) 

Bu ham bo‘lsa, yurtimizda yaxshilik va ezgulik hukmron ekanligidan, nuroniy qariyalarimiz, ma'sum go‘daklarimiz va emin-erkin rizqini terib yurgan chorvalarimiz borligidan hamda boshqa ko‘p joylardan farqli o‘laroq diyorimizda fahsh ishlar ommaviy tus olmaganligidan, yurtimizga Allohning rahmat nazari tushganligidan dalolatdir, inshaalloh. 

Kurrai zaminning hali u-hali bu chekkasida ketma-ket zilzila, to‘fon va boshqa ofatlar tufayli o‘nlab, yuzlab odamlar fojiali tarzda hayotdan ko‘z yumayotgan, qancha-qancha yurtlar turli-tuman fitnalar, ichki nizolar, terrorchilik xurujlari oqibatida tinchini yo‘qotib, vayronagarchilikka yuz tutayotgan, yana qancha-qancha ilg‘or davlatlar esa ustma-ust iqtisodiy bo‘hronlar oqimiga nishon bo‘lib turgan bir vaqtda mamlakatimiz tinch-osoyishta, rizqi mo‘l, ofiyatli bir hayot bilan yashamoqda. Buning uchun Yaratganga tinmay shukr qilishimiz, farovon turmushimiz bardavom bo‘lishi uchun duoda bo‘lishimiz, shu yurtimizning har tomonlama ravnaq topishi, yanada obod bo‘lishi uchun o‘z hissamizni qo‘shmog‘imiz har birimizning zimmamizda lozim bo‘lgan ishlardan biriga aylanadi. Zero, shukri ado qilinmaydigan ne'matlar olib qo‘yiladi. Alloh taolo marhamat qilib, aytganidek: 

«Yana Parvardigoringiz bildirgan bu so‘zlarni eslangiz: «Qasamki, agar sizlar (mening bergan ne'matlarimga) shukr qilsangizlar, albatta (ularni yanada) ziyoda qilurman. Endi agar kufroni ne'mat qilsangizlar, albatta azobim ham juda qattiqdir» (Ibrohim surasi, 7-oyat).

Go‘zal diyorimizni turli balo-ofatlardan Yaratganning o‘zi asrasin!

Alloh taolo ushbu fayzli onlarning savobidan hammamizni bahramand aylab, gunohlarimizni mag‘firat qilsin! Huroniy qariyalarimiz, ma'sum go‘daklarimiz va emin-erkin rizqini terib yurgan chorvalarimiz barakotidan barcha mo‘min-musulmonlarni ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin! 

Yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik, dasturxonlarimizga to‘kin-sochinlik, davlat rahbarlarimizning el-yurt manfaati yo‘lidagi barcha xayrli ishlarida muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin, omin!

Rahmatulloh Sayfuddinov
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi

Mavzuga oid